Ру Ўз O`z En

Sifatli urug' - mo'l hosil garovi!

21 May 2020 4197

Namangan viloyatida so‘nggi yillarda urug‘chilik sohasini rivojlantirish borasida bir qator davlat dasturlari va tizimli chora-tadbirlar majmui sohaga keng tadbiq etilishi natijasida urug‘lik g‘allaning sifat miqdori doimiy ravishda o‘sib borayotganligini ta’kidlash mumkin.

Shu bilan birga yerga qadalayotgan urug‘lik bug‘doyning sifati va unuvchanligi yuqori bo‘lgandagina o‘z potensial imkoniyatini yuzaga chiqara oladi. G‘allachilikda dolzarb vazifalardan biri urug‘lik g‘alla maydonlarini dala aprobatsiya ko‘rigidan o‘tkazish hamda 2021 yil hosili uchun sifatli va sara urug‘lik don tayyorlash masalasidir.

 “O‘zagroinspeksiya”ning Namangan viloyat boshqarmasi, viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birga o‘tkazilayotgan aprobatsiya ko‘rigi- seminarlarda ham bunga alohida e’tibor qaratilyapti.

Ta’kidlash kerakki,  tayyorlanayotgan urug‘liklarning sifatini doimiy yaxshilab borish maqsadida viloyatda 10 ta asosiy nav va 6 ta yangi istiqbolli bug‘doy navlari 74 ming gektar g‘alla maydonlariga ekilgan. Shundan tender tanlovidan o‘tib urug‘lik don yetishtirib berish huquqini qo‘lga kiritgan 176 ta fermer xo‘jaliklarida, 4670 gektar urug‘lik bug‘doy yetishtirilayotgan maydonlar alohida parvarish qilinmoqda.

 Ayni vaqtda viloyatdagi maydonlarda 767 gektar Tanya, 179 gektar Bobur, 419 gektar Asr, 526 gektar Krasnodarskaya-99, 483 gektar Pervitsa, 170 gektar Grom, 17 gektar Zimnitsa, 446 gektar Davr, 206 gektar Antonina, 51 gektar Durdona, 289 gektar Brigada, 1000 gektar maydonlarda Aleksevich navlari yetishtirilmoqda.

Bu navlardan davlat ehtiyojlari uchun 18 ming 500 tonna sara urug‘lik sotish rejalashtirilgan va eng asosiysi urug‘lik yetishtiruvchi xo‘jaliklarning moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadida tayyorlanadigan urug‘liklar uchun har yili ustama haq to‘lash joriy qilingan.

Amalga oshirilayotgan bu tadbirlar natijasida 2021 yil g‘alla hosili uchun navdorlik sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan, serhosil g‘alla navlaridan urug‘lik don jamg‘arishga erishiladi. Bugungi kunda urug‘lik g‘alla maydonlarida bu yo‘nalishdagi ishlari davom etmoqda.

 

“O‘zagroinspeksiya” Namangan viloyat boshqarmasi

Text to speech