«O‘zagroinspeksiya»ga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, respublikada 2025 yil hosili uchun kuzgi g‘alla ekish ishlarining borishi hamda ekilgan maydonlarda bugungi kunda amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlarning o‘tkazilishi yuzasidan Inspeksiyaning hududiy boshqarmalari va tuman bo‘limlari tomonidan joylarda doimiy nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Jumladan, g‘alla parvarishi bo‘yicha Inspeksiya tomonidan hududlarda 8090 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilib, ushbu tadbirlari davomida 8515 ta fermer xo‘jaliklarining 54 ming gektar g‘alla ekilgan maydonlarida agrotexnik tadbirlar kechiktirilganligi yoki sifatsiz amalga oshirilganligi aniqlandi.
Xususan, 1 928 ta fermer xo‘jaliklarining 9,6 ming gektar maydonida g‘alla siyrak unib chiqqanligi, 629 ta fermer xo‘jaliklarining 2,6 ming gektar g‘alla maydonlari bugungi kunda rivojdan orqada qolganligi, shuningdek, 1668 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 9 ming gektar maydonda sug‘orish ishlari sifatsiz o‘tkazilganligi, 3989 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 30 ming gektar g‘alla maydonlariga umuman mahalliy o‘g‘it chiqarmaganligi aniqlandi.
Aniqlangan ushbu kamchiliklar yuzasidan Inspeksiya tomonidan zaruriy taʼsir choralari ko‘rilib, mahalliy hokimliklar va soha masʼullariga 157 ta taqdimnoma, 7870 ta fermer xo‘jaliklariga ogohlantirishlar berildi.
Kuzgi boshoqli don ekilgan maydonlarda agrotexnik tadbirlarning o‘tkazilishi Inspeksiyaning hududiy boshqarmalari va tuman bo‘limlari tomonidan mavsum davomida doimiy nazorat qilib boriladi.
Qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilish bo‘limi