Viloyatda 2023 yilda 70 ming 161 gektar maydonda g‘o‘za parvarish qilingan. Ushbu maydonlarda 261 ming tonna paxta xom ashyosini yetishtirish uchun 1 ming 222ta fermer xo‘jaligi va 6 ta paxta-to‘qimachilik klasteri bilan kontraktatsiya shartnomalari tuzilgan.
Oltin kuzning o‘tayotgan har bir lahzasini g‘animat bilgan Toshkent viloyati dehqonlari mavsum sarhisobiga yaqinlashmoqda. Dalalarda yetishtirilgan paxta hosilini uvol qilmasdan yig‘ib olish galdagi muhim vazifalardan biri. Buning uchun joylarda puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Joylarda soha mutaxassislari bilan birga dalalarda defoliatsiya tadbirlari sifatli tashkil qilinmoqda.
Mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida zarur texnika vositalari, 209 ta terim mashinasi, 1 ming 818 ta traktor tirkamalari, 968 ta terim otryadi tashkil etilib, fermer xo‘jaliklarida terimchilar uchun zarur sharoit yaratilmoqda. Paxtakorlarning maqsadi 260 ming tonna “oq oltin” xirmonini barpo etish.
Bo‘ka tumanida o‘tkazilgan seminarda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, sektor rahbarlari, tuman sektor rahbarlari, agrar soha vakillari, fermerlar va terim otryadlari boshliqlari qatnashdi. Unda paxta yig‘im-terim mavsumini tez va uyushqoqlik bilan tashkil etish, hosilni nobud qilmasdan yig‘ib olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilinib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish lozimligi taʼkidlandi.
Paxtachilik klasteri va fermerlarning texnikalari ishchi holatda ekani, otryadlarni shakllantirish, terimchilarni rag‘batlantirish, shuningdek, terimchilar uchun munosib yotoq joylari tayyorlash, terim ishlari olib borilayotgan har bir dala maydoni boshida terimchilar ovqatlanishi uchun sharoitlar hozirlash bo‘yicha zarur tavsiya va topshiriqlar berildi.
Bu boradagi saʼy-harakatlar boshqa tumanlarda ham davom etmoqda.
"O‘zagroinspeksiya" Toshkent viloyati boshqarmasi