Суғориш тармоқлари ўз вақтида таъмирланиб, тикланса унда сувни йўқотилиши камаяди. Йилнинг куз-қишки мавсуми эса суғориш тармоғини таъмирлаш-тиклаш учун энг қулай вақт ҳисобланади.
Shundan kelib chiqqan holda, har yili Qashqadaryo viloyatida klaster, fermer, dehqon xo‘jaliklari va boshqa suv isteʼmolchilar tomonidan sug‘orish tarmog‘ini taʼmirlash-tiklash yuzasidan chora-tadbirlar belgilanib, amalga oshiriladi.
Xususan, viloyatda 2021-2022 yillar kuzgi-qishki mavsumida jami 7 766 km ichki sug‘orish tarmog‘ini taʼmirlash-tiklash tadbirlari rejalashtirilgan bo‘lib, bir qator klaster, fermer, dehqon xo‘jaliklari tomonidan belgilangan tadbirlar bajarilib, sug‘orish tarmog‘i suv ochishga shay holatga keltirib qo‘yildi.
Shunga qaramay, ichki sug‘orish tarmog‘ini o‘z vaqtida taʼmirlab-tiklashga eʼtibor qaratmayotgan qishloq xo‘jaligi korxonalari ham yo‘q emas.
Misol uchun, Inspeksiya tomonidan Mirishkor, Muborak, Nishon tumanlarida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganilganda mazkur tumanlarda bir qator qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan sug‘orish tarmog‘ini taʼmirlash-tiklash ishlari oldinga siljimayotgani maʼlum bo‘ldi.
Vaholonki, tez orada 2022 yil hosili uchun parvarish qilinayotgan g‘allani bahorgi birinchi sug‘orish uchun suv ochilsa, sug‘orish tarmog‘i o‘z vaqtida taʼmirlab-tiklanmaganligi oqibatida tarmoqda 35-40 foizgacha suv yo‘qotilishi mumkin. Shuningdek, ajratilgan cheklangan suv miqdoridan to‘liq foydalanilmaydi. O‘z navbatida, mazkur tumanlarga sug‘orish ishlari uchun suv resurslari byudjetdan katta mablag‘lar sarflanib, Amudaryodan nasos stansiyalari orqali mashaqqat bilan yetkazib beriladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda 2022 yilning sug‘orish mavsumida yetkazib beriladigan suv resurslarini har-bir qatrasidan oqilona foydalanish uchun vaqt va imkoniyat borligidan foydalanib, sug‘orish tarmog‘ini taʼmirlab-tiklab, suv olishga shay qilib qo‘yish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Oybek TO‘RAQULOV, “O‘zagroinspeksiya” ning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi, bosh inspektori