Ру Ўз O`z En

Ayrim yog‘-moy ishlab chiqaruvchi korxonalar belgilangan talablarga nomuvofiq mahsulot ishlab chiqarayotganligi maʼlum bo‘ldi

3 Oktyabr 2024 771

Korxonalarning paxta texnik chigitini to‘liq texnologik siklda maqsadli qayta ishlaganligi, ularning mahsulot sifatini tasdiqlovchi gigiyenik xulosa va muvofiqlik sertifikatlariga ega ekanligi hamda qayta ishlashdan olingan mahsulotlarning texnik reglamentlar va standartlar bilan belgilangan majburiy talablarga muvofiqligi ustidan nazorat “O‘zagroinspeksiya” tomonidan amalga oshiriladi.

Ushbu nazorat tadbirlari “O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mutaxassislari bilan hamkorlikda o‘tkazib kelinmoqda.

Shuningdek, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasida “Respublika muvofiqlashtiruvchi komissiyasi” va joylarda “Hududiy ishchi guruhlari” tashkil etilib, vazifalari belgilab berilgan.

Shunga ko‘ra, 2024-yilning yanvar-sentyabr oylarida jami  39 ta yog‘-moy korxonalarida belgilangan tartibda nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Natijaga asosan 17 ta paxta texnik chigitini qayta ishlaydigan yog‘-moy korxonalari qonunchilik talablariga muvofiq faoliyat yuritayotganligi, 22 ta korxona faoliyati esa belgilangan talablarga muvofiq emasligi aniqlangan.

Aniqlangan kamchilik va qonunbuzilishlar yuzasidan korxonalarga nisbatan jami 67 ta (26 ta yozma ko‘rsatma, 40 ta ogohlantirish, 1 ta maʼmuriy bayonnoma) taʼsir choralari qo‘llanildi.

Qarorda belgilangan talablarga muvofiq yoki muvofiq bo‘lmagan yog‘-moy mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar haqidagi maʼlumotlar doimiy Respublika tovar xom-ashyo birjasiga kiritib kelinmoqda.

Bugungi kunda, respublika bo‘yicha jami 164 ta (shundan, 79 tasi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan yangi korxonalar) muvofiq deb topilgan yog‘-moy korxonalarining ishlab chiqarish quvvati 16 ming   682 tonna/sutkani tashkil qiladi.

"O‘zagroinspeksiya" mutaxassislari tomonidan Paxta texnik chigitini to‘liq texnologik siklda qayta ishlab, olingan tayyor mahsulotlar uchun tegishli gigiyenik xulosaga ega bo‘lgan va muvofiqlik taʼminlangan yog‘-moy korxonalarida, ilgari o‘tkazilgan o‘rganishdan keyingi faoliyat davri bo‘yicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablar va qoidalarga javob berishi yuzasidan xatlov o‘tkazilmoqda va har bir belgilangan talablarga muvofiq bo‘lgan yog‘-moy korxonalari bo‘yicha maʼlumotnoma-pasport qilib borilmoqda.

"O‘zagroinspeksiya" Axborot xizmati

Text to speech