Buxoro viloyatida 2025 yil hosili uchun jami 15 700 tonna, shundan g‘allaning “Alekseich” navidan 4 862 tonna, “Grom” navidan 1 695 tonna, “Grut” navidan 2 281 tonna, “Vassa” navidan 4 442 tonna, “Yelanchik” navidan 986 tonna va boshqa yangi navlardan 1434 tonna urug‘lik don jamg‘arish rejalashtirilgan.
Tumanlarda tashkil etilgan ishchi guruhlar tomonidan o‘tkazilgan aprobatsiya natijasiga ko‘ra 173 nafar fermer xo‘jaligining 4932 gektar urug‘lik g‘alla maydoni tuman aprobatsiya komissiyalari tomonidan yaroqli deb topilgan. 85 nafar fermer xo‘jaliklarining 207 gektar, shundan 82 nafar fermer xo‘jaligining 181 gektar maydoni qisman, 3 nafar fermer xo‘jaligining 26 gektar maydoni to‘liq begona o‘t va begona nav aralashmalari miqdoridan ko‘pligi hamda agrotexnika tadbirlarni o‘z vaqtida bajarilmaganligi sababli yaroqsiz deb topilgan.
Ayni kunlarda urug‘lik donni o‘rib yig‘ish ishlari boshlab yuborildi. Xususan, Jondor tumanidagi “Yakkatut g‘allachilik, sholichilik va urug‘chilik klasteri” MChJga qarashli 500 gektar urug‘lik g‘alla maydonlarida g‘alla o‘rimiga kirishildi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Buxoro viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan qabul qilinayotgan urug‘lik donlarni laboratoriya xodimlari tomonidan belgilangan me’yoriy hujjatlar talablari asosida qabul qilinishi va to‘g‘ri tahlil qilinishini hamda alohida namuna saqlash xonalarida saqlanishi qat’iy nazoratga olingan.
Ma’lumot uchun, urug‘lik donlarni “Buxorodonmahsulotlari” AJga qarashli Vobkent tumanidagi “I.Naimov”, “Yakkatut g‘allachilik va urug‘chilik klasteri” MChJga qarashli “Guliston” urug‘lik don qabul qilish maskanida va “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” DM viloyat boshqarmasiga qarashli Romitan tumanidagi “Buxara Best Seeds” MCHJ hamda elita urug‘chilik xo‘jaliklarida urug‘lik don qabul qilish belgilangan.
Z.Aslonov,
“O‘zagroinspeksiya”ning Buxoro viloyati boshqarmasi sho‘ba boshlig‘i