Ру Ўз O`z En

Kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalari rahbarlariga ogohlantirishlar berildi

25 Iyul 2023 2349

Bugungi kunda g‘o‘za maydonlarida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazgan, ayniqsa kultivatsiya, chuqur yumshatish va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish hamda hamda o‘rgimchakkana, ko‘sak qurtiga qarshi kurash kabi agrotexnik tadbirlarni sifatli amalga oshirgan fermerlarning dalasida g‘o‘za barqaror rivojlantirganligini kuzatish mumkin.

Inspeksiya tomonidan joylarda o‘tkazilgan monitoring tadbiriga ko‘ra, g‘o‘za maydonlarining 167 ming gektari yoki 17 foizi 3-4 ko‘sak, 405 ming gektari yoki 40 foizi 5-6 ko‘sak va 440 ming gektar yoki 43 foiz 7-8 ko‘sak fazasida rivojlantirganligi maʼlum bo‘ldi.

Shu bilan birga, g‘o‘za maydonlarining qator oralari 19 702 dona kultivatorlar yordamida 7,3 marta ishlov berilib, bugungi kunda g‘o‘za maydonlarida azotli mineral o‘g‘itlar bilan 3-oziqlantirish ishlari jadal olib borilmoqda.

Xususan, Respublika hududlarida joriy yilda 823 ming 259 tonna yoki gektariga o‘rtacha 816 kg azotli mineral o‘g‘itlar berilib g‘o‘zani oziqlantirish ishlarini amalga oshirish hisob-kitob qilingan.

Tadbirlar davomida bugungi kungacha g‘o‘za maydonlariga azotli o‘g‘itlaring o‘rtacha yillik meʼyorning 718 kilogrammi yoki 87 foizi g‘o‘zaga berilganligi maʼlum bo‘ldi.

Inspeksiya tomonidan o‘tkazilgan monitoringlar davomida aniqlanishicha g‘o‘za maydonlarida amalga oshirilayotgan samarali agrotexnik tadbirlar bilan birgalikda, bir qator fermer xo‘jaliklari tomonidan ushbu tadbirni amalga oshirishda xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

Ushbu aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida ularning oldini olish yuzasidan fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalariga 12 ming 127 ta ogohlantirishlar berildi. 

Shuningdek, Inspeksiya mutaxassislari tomonidan hududlardagi g‘o‘zani g‘ovlatishga yo‘l qo‘ymasdan, chilpish ishlarini sifatli o‘tkazish, g‘o‘zani chanqatmasdan, faqat sharbat bilan sug‘orishni tashkil etish, kultivatorlarni daladan chiqarmasdan ishlovlarni davom ettirish hamda o‘rgimchakkana, ko‘sak qurti kabi zararkunandalarga qarshi kunlik dala kuzatuvlarini kuchaytirib, uning tarqalishini oldini olish va samarali ishlovlarni tashkil qilish bo‘yicha nazorat o‘rnatgan.

 

"O‘zagroinspeksiya"ning Qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilish bo‘limi

Text to speech