Ру Ўз O`z En

Sho‘r yuvish tadbirlarida suv isrofgarchiligiga yo‘l qo‘yish holatlari kuzatilgan

25 Mart 2023 1830

Respublikamizda sug‘oriladigan yerlarning uchdan ikki qismi tabiiy sho‘rlanishga moyil yerlardir. Chunki bunday yerlarda minerallashgan sizot suvlari yer yuzasiga yaqin joylashgan bo‘lib, ular doimo bug‘lanishga sarflanadi va oqibatda tuzlar yer yuzasida to‘planib qoladi. Shu bois har yili sho‘rlangan yerlarning sho‘rini yuvish zarur agromeliorativ tadbirdirlardan biri hisoblanadi

Sho‘r yuvishdan asosiy maqsad, qishloq xo‘jaligi ekinlarining o‘sishi, rivojlanishi va mo‘l hosil berishi uchun zararli bo‘lgan ortiqcha tuzlarni tuproqdan yuvib tashlash va sizot suvlarining minerallashganligini kamaytirishdir.

2022-2023- yillar kuz-qish mavsumida jami 671,3 ming gektar maydonda sho‘r yuvish ishlarini amalga oshirish belgilangan. Mazkur yerlarning 355,3 ming gektari kuchsiz sho‘rlangan, 249,6 ming gektari o‘rtacha sho‘rlangan va 66,4 ming gektar kuchli sho‘rlangan maydonlar hisoblandi

Respublika bo‘yicha hududlarda kuchli va o‘rta sho‘rlangan maydonlarda ikki va uch martadan sho‘r yuvilishi hisobiga mavsumda jami 845,4 ming gektar (shundan, 523,2 ming gektar chigit ekiladigan) maydonda sho‘r yuvish ishlari amalga oshirildi.  

Joylarda aksariyat fermer xo‘jaliklari, klaster korxonalari va boshqa suv isteʼmolchilari tomonidan sho‘r yuvish ishlari ilmiy asoslangan tavsiyalar bo‘yicha maqbul muddatlarda hamda sho‘r yuvish normalariga rioya qilgan holda amalga oshirildi.

Lekin, shu bilan birgalikda, ayrim agroklasterlar, fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan yerlarni sho‘r yuvishga tayyorlash va sho‘r yuvishda agrotexnik qoidalar va muddatlar qo‘pol ravishda buzilib, suv isrofgarchiligiga yo‘l qo‘yish holatlari ham kuzatildi. 

Xususan, Inspeksiya tomonidan joylarda “Yerlarni sho‘r yuvishga tayyorlash va sho‘r yuvish ishlarida agrotexnik qoidalarga, suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga qatʼiy rioya etilishi yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatil”gan bo‘lib, o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida, sho‘r yuvishga sifatsiz yer tayyorlash, shartnomasiz, ruxsatsiz suv olish, sho‘r yuvish normalariga amal qilinmasdan pollarga meʼyoridan ortiqcha suv tarash, yetarli darajada suvchilarni jalb etmasdan dalada suvni qarovsiz qoldirish, ajratilgan suvni kollektor-drenaj tarmog‘iga tashlab qo‘yish kabi yuzdan ortiq holatlar aniqlanib, joyida bartaraf etildi.

Shuningdek, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan kelib chiqib, agroklasterlar, fermer xo‘jaliklari va boshqa suv isteʼmolchilari uchun mavsum davomida “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni sho‘r yuvishga tayyorlash va sho‘r yuvish ishlarini tashkil etish tartibi to‘g‘risi”da o‘quv amaliy seminarlar o‘tkazilib kelindi.

 Inspeksiya tomonidan 2023 yilning sug‘orish mavsumida ham suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga qatʼiy rioya etilishi ustidan nazorat taʼminlanadi.

Inspeksiyaning Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni va agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilish boshqarmasi

 

Text to speech