Prezidentimiz tomonidan 2020 yil 11 dekabrda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yana-da jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4919-son qarorida taʼkidlanganidek, tobora kuchayib borayotgan suv taqchilligi hamda suv resurslariga bo‘lgan ehtiyoj o‘sib borayotgani qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanish samaradorligini keskin oshirishni talab etmoqda. Bu borada Sirdaryo viloyatida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Maʼlumot o‘rnida qayd etish keraki, 2021 yil viloyat bo‘yicha jami 18 087 gektar maydonda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyasini joriy etilishi rejalashtirilgan. Shundan, 17 937 gektar tomchilatib sug‘orish, 50 gektar yomg‘irlatib sug‘orish va 100 gektar diskret sug‘orish texnologiyalari joriy etiladi. Suv tejovchi uskunalarni xarid qilish uchun tegishli tashkilotlar bilan 142 ta shartnomalar tuzilgan bo‘lib, shundan 125 ta fermer xo‘jaliklari va 17 ta klaster tashkilotlaridir. Buning uchun viloyat bo‘yicha fermer va tadbirkorlarga tijorat banklari tomonidan 246 milliard 162 million so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan. Bugungi kunda 80 ta fermer va tadbirkorlar tomonidan 10 194 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini o‘rnatish uchun qurilish ishlari boshlab yuborilgan.
Viloyat bo‘yicha 2021 yilda paxta xomashyosi yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish yuzasidan ham chora-tadbirlar olib borilmoqda. Xususan, 17 500 gektar paxta maydonida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish rejalashtirgan bo‘lib, bugungi kunda 77 ta fermer va klasterlarning 6 195 gektar paxta ekish maydonlarida qurilish ishlari olib borilmoqda. 3 ta fermer xo‘jaliklarga qarashli 50 gektar qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida esa yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Sardoba tumanida 2 412 gektar maydonda 2021 yilda paxta xomashyosi ekin maydonlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ayni davrda tumandagi 552 gektar gektar maydonda tomchilatib sug‘orish uskunalari o‘rnatilmoqda.
Jumladan, tumanning “Shomirzaboy” fermer xo‘jaligining 62 gektar yer maydoniga tomchilatib sug‘orish uskunalarini o‘rnatish ishlari boshlandi. Buning uchun tijorat banki krediti asosida 1 milliard 550 million so‘m moliyalashtirildi. Shartnomaga ko‘ra, sifatli polietilen quvurlar olib keltirilib, 62 gektar maydonga tomchilatib sug‘orish texnologiyasi o‘rnatish ishlari jadal olib borilmoqda.
Mazkur Prezident qarori va Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 fevraldagi “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismini qoplash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 95-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan tomchilatib sug‘orish tizimlari joriy etilgan maydon egalariga subsidiyalar ajratish va berilgan subsidiyani qaytarish tartibi belgilangan - deydi “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi bosh inspektori Baxodir Mamirov. -Unga ko‘ra, paxta va uzum plantatsiyalarining har bir gektariga – 8 million so‘mgacha, mevali ekinlarga – 6 million, ozuqabop, moyli, dukkakli ekinlar va dorivor o‘simliklarga – 2,5 million, sabzavot ekinlari va kartoshkaga - 1,5 million, poliz ekinlariga – 1,3 million so‘m miqdorida subsidiyalar ajratish belgilangan. Yana shuni taʼkidlab o‘tish keraki, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyasini joriy qilib subsidiya olgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari ushbu texnologiyani:
birinchi yil foydalanmasa subsidiyaning 100 foiz;
ikkinchi yil foydalanmasa subsidiyaning 80 foiz;
uchinchi yil foydalanmasa subsidiyaning 60 foiz;
to‘rtinchi yil foydalanmasa subsidiyaning 40 foiz;
beshinchi yil foydalanmasa subsidiyaning 20 foiz qismini subsidiya bergan vazirlik va idoraga belgilangan tartibda qaytaradi.
Agar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari ushbu texnologiyani besh yil davomida to‘liq foydalansa berilgan subsidiya unda to‘liq qoldiriladi deb belgilab berilgan.
Viloyatning Boyovut tumanida 2021 yilda 2608 gektar, Guliston tumanida 1495, Mirzaobodda 2243, Oqoltinda 3306, Sardobada 2462, Sayxunobodda 1929, Sirdaryoda 2001 va Xovos tumanida esa 2043 gektar qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida tomchilatib sug‘orish joriy etiladi. Bugungi kunda fermer xo‘jaliklari va klasterlar tomonidan paxta maydonlarida suv tejovchi uskunalarni o‘rnatish uchun hovuzlar qazilib, zarur bo‘lgan mahsulotlar - yer osti quvurlari, lenta, filtr, nasos va boshqalarni pudratchi tashkilotlar bilan shartnoma asosida olib kelib qurish ishlari davom etmoqda.
“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan suv tejovchi texnologiyalarni olib kelib o‘rnatish, shartnomalarni rasmiylashtirish va boshqalar nazorat ostiga olingan.
Shubha yo‘qki, qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan suvni isrof qilmaslik, tejash, shu bilan birga hosildorlik cho‘g‘i baland bo‘lishi maqsadidagi bu kabi saʼy-harakatlar xalqimiz farovonligi, yurtimiz obodligi yo‘lidagi ezgu qadamlardan biridir.
“O‘zagroinspeksiya”ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi Axborot xizmati.