Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar barcha sohalar qatori g‘allachilikni rivojlantirishda ham yuksak samaralar bermoqda.
Joriy yilda yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmay, qisqa fursatlarda yig‘ishtirib olish uchun o‘rim-yig‘imga puxta tayyorgarlik ko‘rish bugungi kunda dolzarb ahamiyatga egadir.
Respublikadagi mavjud bo‘lgan g‘alla o‘rish kombaynlarini sifatli ta’mirlash ishlariga ham bu yil har yilgidan ertaroq kirishilgan.
Yetishtirilgan g‘allani nest-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olish uchun Namangan viloyatida 2025-yilda jami 230 dona g‘alla kombaynlari qatnashishi rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu kombaynlar viloyatdagi 13 ta dislokatsiya maskanlarida ta’mirlash uchun yig‘ilib, ta’mirlash ishlari olib borildi.
Ushbu kombaynlarning 126 donasi fermer xo‘jaliklariga, 43 donasi Klasterlarga, 51 donasi jismoniy shaxslarga va 10 donasi MCHJlarga tegishlidir.
Mavsumda qatnashadigan g‘alla o‘rish kombaynlarini ta’mirlash uchun zarur ehtiyot qismlar “O‘zkeysservis” QK va “O‘zklaasservis” korxonalarining xodimlari tomonidan o‘rganilib chiqilgan bo‘lib, ta’mirlashga talab etiladigan 6 mlrd. 272,6 mln.so‘mlik mablag‘i hisob-kitob qilingan.
Kombaynlarni ta’mirlash uchun kerakli ehtiyot qismlar ta’minot korxonalaridan o‘z vaqtida yetkazib berilgan va sifatli ta’mirlash ishlari O‘zagroinspeksiya viloyat boshqarmasi va viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan doimiy nazoratga olinishi natijasida joriy yilning 5-may holatiga 230 donasi kombaynlar to‘liq 100 foiz ta’mirdan chiqarilgan.
Ta’mirdan chiqarilgan kombaynlarni viloyat ishchi guruhi tomonidan ko‘rib chiqilib mavsumga tayyorgarligi, ta’mirlash sifati, yo‘l harakati xavfsizligi talablariga javob berishi, yong‘inga qarshi anjomlar bilan butlanganligi ko‘rib chiqilib aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ul rahbar va mutaxassislarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, mavsumga shay holatga keltirilgan don o‘rish kombaynlarini tuman hokimliklar tomonidan tasdiqlangan maxsus komissiyalar tomonidan ko‘rib chiqilib dalolatnomalar asosida qabul qilib olish choralari ko‘rilmoqda.
Ilhomjon MUSAYEV
“O‘zagroinspeksiya”ning Namangan viloyat boshqarmasi yetakchi mutaxassisi