Mamlakatimizda aholining kartoshkaga bo‘lgan talabini qondirish va ichki bozorlardagi narx-navo barqarorligini saqlash maqsadida, Agroinspeksiyaning Toshkent viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari tomonidan fermer-dehqon xo‘jaliklariga asosiy hamda bog‘-tok qator oralariga ekiladigan yuqori sifatli kartoshka urug‘liklarini yetkazib berilishi doimiy nazorat qilib borilmoqda.
Tuman inspektorlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 maydagi “Respublikada kartoshka yetishtirishni kengaytirish va urug‘chiligini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4704-sonli qarori ijrosini o‘z vaqtida va sifatli taʼminlash yuzasidan nazorat olib borilmoqda.
“Boʼstonliq kartoshkachilik markazi” MCHJ 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Toshkent viloyatida zamonaviy kartoshkachilik klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, Bo‘stonliq hududida tashkil etilgan.
Xususan, “Boʼstonliq kartoshkachilik markazi” MCHJ tomonidan joriy yilda urug‘lik kartoshka yetishtirishda yomg‘irlatib sug‘orish va agrotexnik tadbirlarni mexanizatsiyalashtirish tizimini joriy qilish orqali sifatli urug‘lik kartoshka yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan.
Ayni paytda “Boʼstonliq kartoshkachilik markazi” MCHJ tomonidan kelgusi yil hosili uchun 786 gektar yer maydonlarda urug‘lik kartoshka yetishtirilib, shundan 15 ming tonnadan ortiq kartoshka hosili olinishi va urug‘lik kartoshkani zamonaviy texnikalar yordamida nes-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olish hamda sovitkichli omborxonalarda saqlash va saralash ishlariga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Joriy yil mavsum davomida, "O‘zagroinspeksiya" tuman bo‘limi inspektorlari tomonidan urug‘chilik yetishtiruvchi subyektlarda urug‘lik kartoshka yetishtirish, undan maqsadli va oqilona foydalanish, urug‘lik kartoshkaning sifatli saqlanishini taʼminlash va nobud bo‘lishining oldini olish hamda joylarda muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lgan urug‘lik kartoshkalar ekilishi yuzasidan tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limiga ogohlantirish xatlari va tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlariga yozma ko‘rsatmalar berib borilishi taʼminlandi.
B. Risqiboyev, B. Yergashov "O‘zagroinspeksiya" Bo‘stonliq tuman bo‘limi katta inspektori