Respublikada 2023-yil hosili uchun 1 mln. 12 ming 436 gektar yer maydonida g‘o‘za parvarish qilinmoqda. Joriy yilning 3 - avgust holatiga Respublika hududlarida parvarish qilinayotgan g‘o‘za maydonlarining 50 ming gektari yoki 5 foizi 5-6 ko‘sak, 221 ming gektari yoki 22 foizi 7-8 ko‘sak, 538 ming gektari yoki 35 foizi 9-10 ko‘sak hamda 382 ming gektari yoki 38 foizi 11-12 ko‘sak fazasida rivojlanmoqda.
Shu bilan birga, mavsum boshidan buyon g‘o‘za maydonlarida 2,9 marta sug‘orish ishlari amalga oshirildi.
Bundan tashqari, g‘o‘za qator oralariga ishlov berish uchun joriy yilda Respublika hududlaridan 19 ming 702 dona kultivatorlar jalb qilinib, bugungi kungacha ushbu tadbir 7,8 marta amalga oshirildi.
Shuningdek, joylarda bugungi kun holatiga 972 ming gektar yoki 96 foiz g‘o‘za maydonlarida chilpish (chekanka) ishlari amalga oshirildi.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Namangan, Surxondaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida ushbu tadbir yakunlangan bo‘lsa, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo viloyatlarida 90-97 foiz g‘o‘za maydonlarida chilpish ishlari o‘tkazildi.
Shuningdek, Inspeksiya tomonidan g‘o‘za maydonlarida chilpish ishlarini muddatida va sifatli o‘tkazilishi bo‘yicha joylarda monitoring tadbirlari olib bormoqda.
O‘tkazilgan monitoring tadbirlari davomida 1309 ta fermer xo‘jaliklarining 10 ming 205 gektarida chilpish ishlari kech yoki sifatsiz amalga oshirilganligi maʼlum bo‘ldi.
Bundan tashqari, Inspeksiya tomonidan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi bo‘yicha kunlik nazorat o‘rnatilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha taʼsir choralar qo‘llanib kelinmoqda.
Jumladan, hududlardagi mutaxassislar tomonidan Respublikada mavsum davomida g‘o‘za maydonlarida nazorat tadbirlari o‘tkazilib, 15 ming 953 ta fermer xo‘jaliklarining 131 ming 853 gektar maydonlarda agrotexnik tadbirlarni bajarilishida xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
G‘o‘za parvarishida yuqorida qayd etilgan salbiy holatlarni bartaraf etish bo‘yicha tuman hokimliklariga, sohaga aloqador tashkilotlarga 128 ta taqdimnoma, fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalari rahbarlariga 12 782 ta ogohlantirishlar berildi.
Qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilish bo‘limi