Ру Ўз O`z En

2021 yil hosili uchun kuzgi shudgorlash ishlarining borishi Inspektsiya nazoratida

15 Dekabr 2020 2385

Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 24 oktyabrdagi “2021 yil hosili uchun kuzgi shudgorlashni optimal muddatlarda uyushqoqlik bilan oʼtkazish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 03/1-668-sonli yigʼilish bayonida, joriy yilda 1 mln 79 ming 899 gektar maydonlarda kuzgi shudgorlash ishlari oʼtkazilishi belgilangan.

2021 yil hosili uchun kuzgi shudgorlash mavsumiga 5404 dona haydov traktorlari jalb qilinib, shulardan 3995 donasi yuqori unumli haydov traktorlardir.

Shuningdek, Inspektsiyaning vazifalaridan biri Respublikamizda qishloq xoʼjalik ekinlarini yetishtirishda muhim hisoblangan agrotexnik tadbirlarni sifatli va muddatlarda oʼtkazilishini nazorat qilishdir.

Shuning uchun, Inspektsiya va uning hududiy boshqarma hamda tuman boʼlimlari tomonidan joylarda kuzgi shudgorlash ishlarining borishi boʼyicha nazorat tadbirlari oʼtkazilib, 3711 ta holatda 20448 gektar maydonlarda shudgorlash ishlarida agrotexnik tadbirlar buzilishiga yoʼl qoʼyilganligi kuzatildi.

Xususan, nazorat tadbirlari davomida 1529 ta holatda 4914 gektar maydonlarda sifatsiz shudgor (sayoz, toʼliq kontur hosil qilinmagan, dala boshi va oxiri haydalmagan hamda yerga yer qoʼshilmasdan) qilingan maydonlar aniqlandi.

Masalan, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarining bir qator hududlarida shudgorlash tadbirlari sifatsiz amalga oshirilayotganligi maʼlum boʼldi.

Shu bilan birga, 2183 ta holatda 15535 gektar maydonlarda takroriy va boshqa ekinlar yigʼishtirib olingan boʼlsada, lekin shudgorlash ishlariga kirishilmaganligi aniqlandi.

Ushbu holatni, Аndijon, Buxoro, Surxondaryo, Fargʼona viloyatlarining ayrim hudularida kuzatish mumkin.

Inspektsiya tomonidan aniqlangan kamchiliklar yuzasidan fermer xoʼjaliklari va klaster korxonalariga 6984 ta ogohlantirish, 615 ta koʼrsatma hamda mahalliy hokimliklarga 146 ta taqdimnoma kiritilib, aybdorlarga nisbatan 51 ta maʼmuriy jazo choralari qoʼllanildi.

Inspektsiya tomonidan Respublikamizda qishloq xoʼjalik ekinlarini yetishtirishda agrotexnik tadbirlarning sifatli va oʼz muddatida oʼtkazilishi ustidan doimiy nazorat tadbirlari olib borilishini taʼminlanmoqda.

Text to speech