G‘alla – xalqmiz rizq-ro‘zi va dasturxonimiz to‘kinligi manbai! Bugungi kunda mamlakatimiz g‘alla maydonlarida pishib yetilgan boshoqlar ko‘zingizni quvnatib yuqori hosildorlikdan darak berib turibdi.
2025 yil hosili uchun respublika bo‘yicha 156 ta qishloq xo‘jaligi tumanlardagi 38 mingga yaqin fermer xo‘jaliklari hamda 147 ta g‘allachilik klasterlari tomonidan 1 million gektardan ortiq maydonlarda g‘alla yetishtirildi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, yuqori hosildorlikka erishishda yer tayyorlash, unumdor navli urug‘lar tanlash hamda urug‘ qadashdan tortib, agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va to‘g‘ri tashkil etilishida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan doimiy ravishda olib borilgan tizimli ishlar muhim ahamiyatga ega.
Ayni kunlarda Qishloq xo‘jaligida dolzarb tadbirlardan biri bo‘lgan g‘alla o‘rimi mavsumi ham boshlanmoqda.
2025 yil g‘alla hosilini qisqa muddatda nest-nobud qilmasdan o‘rib-yig‘ib olish maqsadida “O‘zagroinspeksiya” xodimlari tomonidan muntazam monitoring tadbirlari olib borildi. Tadbirlarda don o‘rish kombaynlarini sozligi, ularning o‘rimga shayligi ko‘rikdan o‘tkazilib mavsumga puxta hozirlik ko‘rildi.
Bugungi kunda Respublika bo‘yicha jami 3 mingdan ortiq kombaynlar mavsumga to‘liq tayyor holatga keltirilgan.
Quvonarlisi esa joriy yilda Respublikamiz bo‘ylab 195 ta yangi zamonaviy, yuqori unumli kombaynlar xarid qilindi.
Shuningdek, o‘rilgan hosilni don qabul qilish korxonalariga tashish uchun 14 133 ta yuk avtomobillari, yonilg‘i moylash mahsulotlarini yetkazib berish uchun 1 127 ta ko‘chma yonilg‘i qo‘yish agregatlari hamda servis xizmatlarini ko‘rsatish uchun 468 ta ko‘chma ta’mirlash ustaxonalari safarbar etiladi.
Hududlarda "O‘zagroinspeksiya" va Ichki ishlar vazirligi hamda tegishli mas’ullardan iborat ishchi guruhlari tashkil etilib, ular tomonidan ta’mirdan chiqarilgan kombaynlar maxsus sertifikat asosida qabul qilindi.
“O‘zagroinspeksiya” nazorati va amaliy yordami asosida Respublika bo‘yicha jami 200 ta don qabul qilish maskanlarining moddiy-texnika bazasi 2025 yil g‘alla hosilini sifatli qabul qilishga tayyorlandi. Ushbu maskanlardagi laboratoriyalar zaruriy o‘lchov vositalari bilan to‘liq jihozlandi.
Shuningdek, avtomobil, tarozilari va laboratoriya o‘lchov vositalari davlat standartlari talablari asosida metrologiya qiyoslovidan o‘tkazilib, sertifikatlar bilan ta’minlandi.
Don qabul qilish maskanlarining barchasida “hosil qabuli” elektron tizimi ishga tushirilib, tarozilarga to‘liq kuzatuv kameralari o‘rnatildi. Qabul jarayonlarida qog‘ozbozlikka barham berilib, yuk xatlari va hisob varaqlari elektron axborot tizimi orqali yuritiladi.
Bir so‘z bilan aytganda esa 2025 yil hosili to‘liq raqamlashtirilgan tizimda qabul qilinadi.
Ma’lumot uchun O‘zagroinspeksiya tomonidan g‘alla o‘rim yig‘im mavsumining sifatli amalga oshirilishi qonunchilikka muvofiq nazorat qilib boriladi.
“O‘zagroinspeksiya” axborot xizmati