Qishloq xo‘jaligi sohasi uchun yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni tayyorlash, soha mutaxassislarining malakasini oshirish, sohani jadal rivojlantirish va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi integratsiyani taʼminlash bo‘yicha manfaatdor tomonlar bilan o‘zaro innovatsion hamkorlik o‘rnatish borasida bugungi kunda "O‘zagroinspeksiya" tomonidan amaliy chora-tadbirlar tashkil etilgan.
Bu borada, “Qishloq va suv xo‘jaligi tarmoqlari uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida “Oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yana-da kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Qarorlari dasturil amal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Jumladan, kuni kecha Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida ushbu Oliy o‘quv yurti hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi. Tadbirda institut rektori B. Jollibekov hamda Inspeksiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i A. Yusupovlar boshchiligida tashkilot xodimlari ishtirok etdilar.
Hamkorlik kelishuviga ko‘ra, tomonlar- zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, oliy taʼlim mazmunini bevosita ishlab chiqarish munosabatlariga hamda istiqbolli rivojlanish dasturlariga muvofiq shakllantirish, kadrlarni mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirishga doir dolzarb masalalar yechimini topishda hamkorlik qilish va bir-birini qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldilar.
"O‘zagroinspeksiya" Axborot xizmati