Ру Ўз O`z En

Mavsum oldi qishloq xo‘jaligi texnikalari shay holatga keltirilmoqda

22 Yanvar 2024 2120

Texnika dehqonning qanoti. Ayniqsa, bugungi zamonda agrar sohani qishloq xo‘jaligi texnikalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Dalada bajariladigan har bir agrotexnik tadbirda uning imkoniyati va kuchidan keng foydalaniladi.

Shu boisdan, 2024 yil bahorgi dala ishlarida jami 136 500 ta qishloq xo‘jalik texnikalari qatnashishi rejalashtirilgan.

Jumladan, 19 649 ta chopiq traktorlari, 19 130 ta kultivatorlar, 8 160 ta chigit ekish seyalkalari, 4 071 ta purkagichlar, 3 259 ta mineral o‘g‘it sepkichlar, 2 877 ta yer tekislagichlar, 4 623 ta chizellar va 74 631 ta tishli boronalarni tashkil etadi.

"O‘zagroinspeksiya" boshlig‘i A.Vaxabov rahbarligidagi mutaxassislaridan iborat ishchi guruh Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarida bo‘lib, texnikalarning taʼmirlash ishlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni joyida ko‘zdan kechirib, tegishli amaliy yordamlar ko‘rsatib kelinmoqda.

Texnikalarni taʼmirlash uchun hududlarda taʼmirlash maskanlari tashkil etilgan. Mazkur maskanlarda mobil taʼmirlash jihozlari (payvandlash apparati, stanoklar va boshq.), taʼminotchi korxonalar tomonidan sifatli ehtiyot qismlar savdosi va taʼmirlash ishlariga jalb etilgan ishchi-xizmatchilar uchun issiq-ovqat va boshqa shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lib, natijada, Surxondaryo, Xorazm va Namangan viloyatlarida texnikalarni taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazilgan, Farg‘ona, Andijon, Qashqadaryo, Buxoro va Jizzax viloyatlarida taʼmirlash ishlarini yakuniga yetkazilmoqda.

Yuqoridagi hududlarda har bir qishloq xo‘jaligi texnikasi taʼmir shartlari to‘liq bajarganligi bo‘yicha qabul qilinib, zarur hollarda, taʼmirga oid kerakli tavsiya va maslahatlar berilmoqda.

Bundan ko‘rinib turibdiki, bu yilgi texnikalarni taʼmirlash ishlarini o‘tgan 2023 yilning shu davri bilan taqqoslaganda, qariyb 20-25 kun oldinda borayotganligini ko‘rishimiz mumkin.

Text to speech