Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini yetishtirishda yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishish va dehqonchilik madaniyatini oshirish uchun qator agrotexnik tadbirlar, jumladan oʼsimliklarni zararkunanda hamda kasalliklardan himoya qilishni ilmiy asoslangan tadbirlar asosida oʼtkazish talab etiladi.
Qishloq xoʼjaligi ekinlarini zararkunanda va kasalliklardan himoya qilishda biologik usulning ahamiyati beqiyosdir. Bu usul tabiatdagi kushandalardan unumli foydalanish (qirib yubormaslik, ekinlar orasiga entomofaglarni jalb qiluvchi oʼsimliklar ekish), trixogramma, brakon va oltinkoʼz kabi entomofaglarni biolaboratoriyalarda koʼpaytirib, dalaga mavsumiy chiqarish hamda mikroorganizmlar asosida yaratilgan biopreparatlar qoʼllashga asoslangan.
Mamlakatimiz olimlari tomonidan gʼoʼzani biologik usulda himoya qilishning iqtisodiy, biologik va ekologik afzalliklari bilan ajralib turuvchi tizimi yaratilgan.
Аmmo, ayrim biolaboratoriyalarda biomahsulotlarni koʼpaytirishda yoʼl qoʼyilayotgan kamchiliklar, ularning sifatiga eʼtibor berilmasligi, dalaga tarqatishdagi xatoliklar natijasida bu usuldan samarasiz foydalanish holatlari uchrab turibdi. Xususan, dalaga tarqatilgan biomahsulotlarning natijasi koʼrinmayotganining asosiy sabablaridan biri, joylarda foydali hasharotlarning avlodini yangilash ishlariga eʼtibor berilmayotganligidir. Biolaboratoriyalarda koʼpaytirilayotgan biomahsulotlarning mahsuldorligini oshirish, sifatini yaxshilash va zararkunandalarga qarshi samarali taʼsir koʼrsatishini taʼminlash uchun biomahsulotlar avlodini yangilash muhim ahamiyatga ega.
Qoraqalpogʼiston Respublikasida 2021 yil hosili uchun ekilgan qishloq xoʼjaligi ekinlarida biologik usulni keng qoʼllash maqsadida bugungi kunda tumanlarda 66 ta biolaboratoriyalar faoliyat koʼrsatmoqda. Ushbu biolaboratoriyalarda 760 kg Trixogramma, 350 mln. dona Brakon, 398 mln. dona Oltinkoʼz biomahsulotlari koʼpaytirilishi rejalashtirilgan. Qish mavsumida biolaboratoriya xonalarini isitish, biomahsulotlar koʼpaytirish uchun optimal haroratni ushlab turish, koʼpaytirilayotgan va diapauzaga qoʼyilgan biomahsulotlarni qishdan betalofat olib chiqish, ozuqa hamda isitish mahsulotlari zaxirasini yaratish kabi talablarni oʼz vaqtida amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur talablarga qay darajada rioya etilayotganini oʼrganish maqsadida Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasining Qoraqalpogʼiston Respublikasi boshqarmasi, Meʼyoriy hujjatlar ijrosini nazorat qilish, sertifikatlash va metrologiya boʼlimi tomonidan tizimli monitoring-nazorat tadbirlari amalga oshirilib, mavjud kamchiliklar bartaraf qilinishi taʼminlanmoqda.
Bundan tashqari biomahsulotlar koʼpaytirish uchun eng asosiy ozuqa mahsulotlari zaxirasini yaratish, qishloq xoʼjaligi ekinlarining zararkunandalariga qarshi biologik usulda kurashishga puxta tayyorgarlik koʼrilishini taʼminlash maqsadida "Oʼzagroinspektsiya" Qoraqalpogʼiston Respublikasi boshqarmasi tomonidan tumanlarida mavjud «Muyatdin-Muxtor” MChJ, “Kalta Minor bio” MChJ, “Jayhun bio” MChJ, “Jasmina” MChJ, “Saribiy Joʼshqin bio” MChJ, “Muborak bio” MChJ, “Qanjigali bio” MChJ, “Boʼz-suv bio” MChJ, “Sanamjon bio” MChJlar biolaboratoriyalarda monitoring nazorat tadbirlari oʼtkazilishi natijasida biolaboratoriyalarda mavjud oʼlchov va sinov vositalari (harorat oʼlchash termometrlari, oʼlchov tarozilari) davlat qiyoslov koʼrigidan oʼtkazilmaganligi aniqlandi.
Mazkur kamchiliklarni mavsumga qadar bartaraf etish yuzasidan nomlari koʼrsatilgan biolaboratoriyalar rahbarlariga yozma ogohlantirishlar berildi.
А. Qoziev, Meʼyoriy hujjatlar ijrosini nazorat qilish,
sertifikatlash va metrologiya boʼlimi bosh inspektori