Ру Ўз O`z En

Birgina Bulung‘urda quyonchilik tarmog‘ini rivojlantirish orqali yiliga 21 tonna quyon go‘shti yetishtiriladi

20 Aprel 2021 3292

Bugungi kunda quyonchilik tarmog‘i dunyo iqtisodiyoti va isteʼmolida muhim o‘rinlardan birini egallagan. Shu jumladan, chorvachilikda go‘sht, sut, tuxum va baliq mahsulotlari bilan bir qatorda quyon go‘shti yetishtirish ham muhim ahamiyatga ega.

Zero, quyonchilik serdaromad sohalardan, quyon go‘shti esa parhezbop hisoblanadi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan quyonchilik yo‘nalishida naslchilik ishlarini yaxshilash, aholi dasturxoniga sifatli va parhezbop quyon go‘shtini yetkazib berish, terisini sanoat usulida qayta ishlab eksportbop mahsulot ishlab chiqarishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Viloyatda, quyonchilik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jaliklar soni 18 ta bo‘lib, ularda jami 6 ming 205 bosh quyonlar parvarish qilinmoqda. 2021 yilning birinchi choragi davomida mavjud quyonchilik yo‘nalishidagi xo‘jaliklar tomonidan quyon go‘shti yetishtirildi.

Sohani yana-da takomillashtirish yuzasidan belgilangan dasturga ko‘ra, joriy yilda quyonchilik yo‘nalishida ishga tushirilishi rejalashtirilgan 5 ta loyiha uchun 6 mlrd. 550 mln. so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi rejalashtirildi.

Ushbu loyihalarni to‘liq ishga tushirish orqali jami 17 ming 350 bosh naslli quyonlar hamda 48 ta yangi ish o‘rinlarini tashkil etish mo‘ljallanmoqda.

Mazkur loyihalar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli taʼminlash yuzasidan “O‘zagroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan monitoring-tahlil tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Jumladan, Pastdarg‘om tumanidagi “Mirjalol” xususiy korxonasi tomonidan umumiy qiymati 350 mln. so‘mlik loyiha ishga tushirilib, 600 bosh quyonlar keltirildi va 6 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Shuningdek, “Darg‘om agro velikan” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan parvarishlanayotgan 1 ming 850 bosh naslli quyonlar naslini ommalashtirish yuzasidan tegishli tadbirlar ishlab chiqildi.

Bulung‘ur tumanida chorvachilikning quyonchilik yo‘nalishi bilan shug‘ullanayotgan 2 ta fermer xo‘jaligi mavjud bo‘lib, ular tomonidan 370 dona zotdor quyonlar parvarishlanmoqda.

2021 yilga mo‘ljallangan dasturga asosan, quyonchilik tarmog‘ini rivojlantirish yuzasidan umumiy loyiha qiymati 5 mlrd. 200 mln. so‘mlik 3 ta loyiha ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirda ushbu loyihalarni ishga tushirish maqsadida amaliy tadbirlar olib borilmoqda. Bu loyihalarni ishga tushirish orqali 28 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Ushbu loyiha doirasida jami 12 ming 850 bosh quyonlar boqilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ulardan 500 donasi go‘sht yo‘nalishida, 890 donasi naslchilik yo‘nalishida va 680 donasi naslchilik va go‘sht yo‘nalishida. Bundan tashqari ushbu loyihalar orqali yiliga 21 tonna quyon go‘shti, 7 ming 710 dona teri yetishtirish rejalashtirilgan, - deydi inspeksiyaning Bulung‘ur tumani bo‘limi katta inspektori Sanjar Turabov.

Yana bir gap: Mutaxassislar fikriga ko‘ra, quyon go‘shti yoki terisi balki, uning yog‘i ham ekologik toza mahsulot bo‘lib, kosmetologiyada turli kremlarni tayyorlashda foydalansa bo‘ladi. Shunday ekan, quyonchilik tarmog‘ini yana-da rivojlantirish, uning terisi va mo‘ynasini sanoat usulida qayta ishlab, eskportga yo‘naltirish, xo‘jalik yurituvchi subyektlar va tadbirkorlar uchun mo‘may daromad sanaladi.

 

O‘zagroinspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati

Text to speech