Hukumatning 2019-yil 12 iyulidagi 575-sonli qaroriga ko‘ra "O‘zagroinspeksiya"ga berilgan vakolatlardan kelib chiqib, qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlarning o‘tkazilishi, texnikalarni mavsumga tayyorlash, ayniqsa don o‘rish kombaynlarining mavsumga tayyorgarligi ustidan Inspeksiyaning Bog‘ot tuman bo‘limi tomonidan kunlik nazorat olib borilmoqda.
Tumanda 2024-yil hosili uchun 72 ta paxta-g‘alla fermer xo‘jaliklari tomonidan 3000 gektar maydonga boshoqli don ekildi. Bugungi kunda g‘allaning rivojlanish fazasi 3000 gektar maydonda to‘liq boshoqlash davriga o‘tib, shundan barcha maydonlarda bahorgi sug‘orish ishlari o‘tkazildi. Hozirda qishloq xo‘jalik ekinlari zararkunandalari, ayniqsa zararli xasvaga qarshi profilaktik ishlov berish ishlari jadal surʼatlarda olib borilmoqda.
Bundan tashqari, tumanda 2024-yil g‘alla o‘rimini o‘tkazish uchun 13 dona don o‘rish kombaynlari kerakligi inobatga olinib, bugungi kunda rejalashtirilgan barcha kombaynlar bilan taʼmirlash ishlari olib borilib, mavsumga shay holatga keltirilgan. Mazkur kombaynlarning 8 tasi tumanda faoliyat yurituvchi fermer xo‘jaliklari va 5 tasi yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlariga tegishli.
Endilikda masʼul tashkilotlar ishtirokida tuziladigan komissiya xodimlari bilan birgalikda maskanga yig‘ilgan va to‘liq taʼmirdan chiqarilgan kombaynlar maxsus sinovdan o‘tkaziladi va mavsumga yaroqliligi yuzasidan sertifikat taqdim etiladi.
Umuman olganda, tumanda joriy 2024 yil hosili uchun ekilgan boshoqli don ekinlarini parvarishlash (mineral o‘g‘itlar oziqlantirish, sharbat usulida sug‘orish, begona o‘tlar, kasallik va hasharotlarga qarshi kurashish) ishlarini tizimli tashkil etish hamda hosildorlikni keskin oshirish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etilib, kunlik monitoring ishlari tashkil etilib va fermer xo‘jaliklariga amaliy yordamlar berib borilmoqda.
"O‘zagroinspeksiya"ning Bog‘ot tuman bo‘limi