Ру Ўз O`z En

Buxoro viloyatida qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan yerlardan foydalanishda 439 ta holatda qonunbuzilish sodir etilgan

23 Noyabr 2020 2400

Yerdan noqonuniy, oʼzboshimchalik bilan foydalanishga hech kimga huquq berilmagan. Аfsuski, ana shu oddiy haqiqatni tushunib yetmagan yoki tushunishni va unga amal qilishni istamayotganlar hanuzgacha uchrab turibdi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspektsiyasining Buxoro viloyat boshqarmasi va tuman boʼlimlari tomonidan qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan yer resurslaridan samarali va oqilona foydalanish yuzasidan nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Maʼlum boʼlishicha, joylarda qonunbuzilishi va oʼzboshimchalik bilan yerlarni egallab olish holatlari mavjud.
Nazorat tadbirlari davomida joriy yilda jami 439 ta holatda 107,4 gektar yer maydonlarida qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Shundan 53,2 gektar yerlardan xoʼjasizlarcha foydalanish yoki ularni yaroqsiz holga tushirish, 0,671 gektar vaqtincha egallab turilgan yerlarni oʼz vaqtida qaytarib bermaslik yoki ularni oʼz oʼrnida foydalanishda yaroqsiz holga keltirish, 6,61 gektar yer uchastkalarini oʼzboshimchalik bilan egallash va xoʼjalik ichidagi yer tuzish loyihalaridan oʼzboshimchalik bilan chetga chiqish, davlat yer kadastri yuritish qoidalarini buzish bilan bogʼliq holatlar aniqlangan.
Olib borilgan nazorat tadbirlari natijasida, jami 404 ta qonunbuzilish holatlariga MJtK ning tegishli moddalariga asosan 154 million 651 ming soʼm jarima jazosi qoʼllanilib, 20 tasi huquqni muhofaza qiluvchi organlariga yuborildi.
Misol uchun, Buxoro tumanida 13,7 gektar, Vobkent tumanida 3,8 gektar, Jondor tumanida 2,76 gektar, Olot tumanida 4,22 gektar, Peshku tumanida 3,97 gektar, Romitan tumanida 4,36 gektar, Shofirkon tumanida 8,7 gektar, Qorakoʼl tumanida 0,96 gektar, Qorovulbozor tumanida 4,11 gektar, Gʼijduvon tumanida 7,36 gektar qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan yer maydonlarini oʼzboshimchalik bilan egallab yerlardan xoʼjasizlarcha boshqa maqsadda foydalanib, tuproq toʼldirish va qurilish ishlari qilingan hamda boshqa maqsadda foydalanilgan.
Xulosa oʼrnida aytish kerak, mamlakatimiz aholisining aksariyat qismi qishloq hududlarida istiqomat qiladi. Ularning ish bilan bandligi, hayot tarzi va turmush kechirishi bevosita yer bilan bogʼliq.
Shunday ekan aholini taʼminlashi kerak boʼlgan oziq-ovqat mahsulotlari unumdor yerlarni yoʼqotayotganimiz sabab kamayib ketishi mumkinligi haqida ham bosh qotirishimiz kerak.

Sherzod DАMINOV, “Oʼzagroinspektsiya”ning Buxoro viloyat
boshqarmasi katta inspektori

Text to speech