Ayni kunda Respublikamizning barcha mintaqalarida g‘alla o‘rim-yig‘imi jadallik bilan olib borilayapti. Dehqonlarimiz va chorvadorlarimizning galdagi vazifasi g‘allasi o‘rib olingan maydonlarni zudlik bilan somondan tozalab, takroriy ekinlarni ekishni amalga oshirish hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 dekabrdagi “Mavjud yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, 2020 yil hosili uchun qishloq xo‘jalik ekinlarini oqilona joylashtirish va mahsulot yetishtirishning prognoz hajmlari to‘g‘risida”gi 1025-son qarorida joriy yilda takroriy ekin ekiladigan 777 ming 634 gektar maydonlarning 199 ming 111 gektariga yoki 26 foiziga ozuqabop ekinlar ekilishi ko‘zda tutilgan.
Chorvador fermerlarimiz g‘alla hosili yig‘ib olingan maydonlarga takroriy ekin sifatida ozuqabop ekinlarni ekishda boy tajriba to‘plagan. Bu ishni kechiktirmasdan, o‘z vaqtida amalga oshirish natijasida qo‘shimcha hosil, daromad, chorva qishloviga yetarli ozuqa jamg‘ariladi.
Chorva ozuqasi uchun takroriy ekin sifatida asosan makkajo‘xori, xashaki no‘xat, tariq va xashaki lavlagining eripishar navlarini ekishg tavsiya etiladi.
Makkajo‘xori – ko‘p tarmoqli foydalanishda qimmatli, serhosil, donli ekin hisoblanadi. Makkajo‘xoridan yaxshi konsentrat, ko‘k massa va silos olish mumkin. 1 kg donida 1,34 ozuqa birligi mavjud. Makkajo‘xori so‘talari sut-mum pishish davriga kirganda tayyorlangan silos chorva mollari uchun eng yaxshi ozuqadir. 100 kg silosda 24 ozuqa birligi mavjud.
Takroriy ekin sifatida makkajo‘xorining ertapishar “Qorasuv–350 AMV”, “O‘zbekiston–300 MV”, “O‘zbekiston–306 MV” kabi duragaylaridan to‘liq pishgan don olish uchun 20–25 iyungacha va silos olish uchun 15 iyulgacha ekish tavsiya etiladi.
Makkajo‘xori unib chiqqandan keyin qator oralariga ishlov berilib, chopiq qilinadi. 5-6 ta va 10-12 ta barg chiqarganda azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantiriladi va sug‘oriladi. Agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida bajarilganda gektaridan
35-40 sentner don yoki 350-400 sentner ko‘k massa olish mumkin.
Tariqni takroriy ekin sifatida ekish ham muhim ahamiyatga ega. Uni bug‘doy yoki bahorda erta ekinlardan bo‘shagan maydonlarga iyun oyida va iyulning boshlarida ekish mumkin. Takroriy ekin sifatida tariqning Saratovskaya–853 navi tavsiya etiladi.
Tariqning doni parrandalar uchun qimmatbaho ozuqa hisoblanadi, chorva mollari tariq doni qoldiqlari va somonini yaxshi yeydi.
Tariq serhosil o‘simlik bo‘lib, 10 sotix yerdan 5-6 sentner don yoki
12-14 sentner ko‘k massa olish mumkin. Ushbu ekin turi qurg‘oqchilikka chidamli, yorug‘sevar, qisqa muddatli o‘simlik hisoblanadi. Ammo yaxshi ishlangan yerni talab qiladi. Pishgan doni tez to‘kilishi sababli 70-75 foiz yetilganda o‘rib olish zarur.
Xashaki lavlagi -ozuqabop ekinlar orasida ildizmevalardan asosan ushbu o‘simlik ekiladi.
Chorva mollari sut mahsuldorligini oshirishda hashaki lavlagining ahamiyati katta hisoblanadi. Hashaki lavlagi shirali, yengil hazm bo‘ladigan va to‘yimli yem-hashak xususiyatiga ega. Shuningdek, hashaki lavlagi chorva mollari organizmida dag‘al hashakning yaxshi hazm bo‘lishiga yordam beradi.
Chorvachilik sub’ektlarida sut beradigan qoramollar ratsionida xashaki lavlagi 40-50 % ni tashkil etadi. Takroriy ekin sifatida xashaki lavlagining “O‘zbekiston nimqand”, “O‘zbekiston-83” navlarini ekish tavsiya etiladi.
Xashaki lavlagini janubiy (Surxondaryo, Qashqadaryo) viloyatlarda g‘alladan keyin ekib olish uchun imkoniyatlar yetarli bo‘ladi.
Xashaki lavlagi ikki yillik o‘simlik. Birinchi yili urug‘dan ekilganda ildizmeva beradi, ikkinchi yili ildizmevadan ekilganda urug‘ beradi. Agrotexnik tadbirlar to‘g‘ri amalga oshirilsa, oktabr oyiga borib, 10 sotixdan 1,5-2 tonna ko‘k massa hosili olish mumkin.
Xashaki no‘xat - yerdan unumli foydalanish va chorva mollarini to‘yimli ozuqa bilan ta’minlash uchun boshoqli dondan bo‘shagan maydonlarga 15 iyuldan
10 avgustgacha bo‘lgan muddatda don va dukkakli ekinlardan xashaki no‘xat urug‘i — 10 sotix maydonga 7 kilogramm miqdorida ekish tavsiya etiladi. Shoxlash fazasiga kirganda o‘g‘itlanadi va sug‘oriladi. Havo harorati va ekin holatini hisobga olgan holda yana bir marta oziqlantirilsa va ikki-uch marta sug‘orilsa, oktabr oyiga borib 15-20 tonna ko‘k massa hosili olish mumkin.
Chorvachilikda naslchilik ishini
nazorat qilish boshqarmasi