Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspektsiyasi Navoiy viloyat boshqarmasi chorvachilikda naslchilik ishini nazorat qilish boʼlimiga nasldor hayvonlardan oqilona foydalanish, hayvonlar va ular urugʼlarini eksport va import qilish ustidan, mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar chorvachilikda naslchilik ishlari bilan shugʼullanuvchi subʼektlar faoliyati ustidan nazorat qilish vazifalari yuklatilgan. Shu bilan birga naslchilik xoʼjaliklarida nasldor chorva hayvonlari hisobi roʼyxatdan oʼtkazilishi va selektsiya jarayonida foydalaniladigan naslchilik resurslarining kelib chiqishi, chorvachilikda naslchilik bilan shugʼullanuvchi xoʼjaliklarga yer maydonlari ajratilishi va ulardan samarali foydalanilishi, korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan omuxta yem, sheluxa, shrot mahsulotlarining sifat koʼrsatgichlari ustidan nazorat olib boriladi.
Bu boʼyicha “Oʼzagroinspektsiya”ning viloyat boshqarmasi hamda tuman boʼlimlari tomonidan yanvarь oyi davomida tashkil etilgan nazorat tadbirlarida ayni jihatlarga eʼtibor qaratildi.
Qiziltepa tumanida chorvachilik yoʼnalishida nazorat tadbirlari oʼtkazilganda qator kamchiliklarga yoʼl qoʼygan fermerlar borligi aniqlandi. Xususan, oʼrganishlar davomida 2021 yilning qish va bahor oylarini betalofat oʼtkazish maqsadida yetarlicha pichan, dagʼal xashak va kontsentrat ozuqalar jamgʼarish, ona qoʼylarni koʼpayish davrida chorva hayvonlari uchun zarur dori-darmon vositalari bilan taʼminlash, hayvonlarning nasldorlik va mahsuldorlik sifatlarini baholash ishlarini toʼgʼri tashkil etish ishlari yetarlicha amalga oshirilmaganligi ayon boʼldi. Jumladan, bu boʼyicha bir qator chorvachilik fermer xoʼjaliklari rahbarlariga ogohlantiruvlar berildi.
Shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan monitoring oʼtkazilganda, fermer xoʼjaliklarida parvarish qilinayotgan baliqlarning 2021 yil davomida kontsentrat ozuqalar jamgʼarish, suv havzasini yetarlicha naslli baliq chavoqlari bilan toʼldirish ishlari va suvdan foydalanish uchun tuman suv isteʼmolchilari uyushmasi bilan shartnoma tuzish tadbirlari amalga oshirilmagan. Bu kabi kamchiliklarga yoʼl qoʼygan “Аvangard-2017”, “Jabbor Toshpoʼlot” baliqchilik va koʼp tarmoqli fermer xoʼjaliklariga ogohlantiruvlar berildi.
Navbahor tumanida 237 ta chorvachilik subʼekti mavjud. Oʼtgan yanvarь oyida hududda 10 ta nazorat tadbirlari oʼtkazildi. Bu hududda ham ayrim fermer xoʼjaliklarida chorva hayvonlarini identifikatsiya qilinmagani hamda baʼzi bir baliqchilik xoʼjaliklarining suvdan foydalanish uchun tuman suv isteʼmolchilari uyushmasi bilan shartnoma tuzish tadbirlari amalga oshirilmagani holatlari aniqlandi. Mazkur holatlarni bartaraf etish maqsadida fermerlarga ogohlantiruvlar berildi. Shuningdek, tuman hokimi oʼrinbosari nomiga taqdimnoma kiritildi.
Viloyatning olis Uchquduq tumanida 3 ta naslchilik xoʼjaliklari tashkil etilgan boʼlib, shundan 2 ta qoramolchilik va 1 ta qoʼychilik yoʼnalishida faoliyat koʼrsatmoqda. Ularda jami 190 bosh yirik (golshten va qizil choʼl zotli ) shoxli mollar va 805 bosh mayda shoxli (jaydari zotli) mollar boqilmoqda. Naslchilik xoʼjaliklariga tumanda sugʼoriladigan yerlar yoʼqligi sababli yaylov yerlaridan har bir shartli mol uchun 2 gektardan kam boʼlmagan (5-15 gektar)miqdorda yaylovlar ajratilgan.
2021 yil yanvarь oyi davomida Inspektsiyaning Uchquduq tuman boʼlimi tomonidan chorvachilik boʼyicha 12 ta nazorat tadbirlari oʼtkazilib, shundan 1 tasi tekshirish va 11 ta holatda monitoring tadbirlariga toʼgʼri keladi.
Jumladan, tumanda qoramolchilik yoʼnalishida naslchilik faoliyati bilan shugʼullanib kelayotgan “I. M” fermer xoʼjaligi faoliyati oʼrganildi. Oʼrganish davomida ushbu fermer xoʼjaliklarida mavjud qoramollarni naslini tasdiqlovchi hujjati yoʼq boʼlib, naslchilik hisob- kitobi ham yuritilmaganligi, har xil zotga mansub mollar aralash holda koʼpaytirib kelinayotganligi aniqlandi. “Naslchilik toʼgʼrisida”gi qonunning 11-moddasida naslchilik subʼektlari tomonidan naslchilik hisob kitoblarini va hujjatlarini yuritilishlari, resurslari yaxshilanilishini, saqlanishini, takror koʼpaytirishini va ulardan oqilona foydalanilishini taʼminlashlari, kelib chiqishini genetik ekspertiza qilish va ularni oʼz mahsuldorligi hamda avlodining sifati boʼyicha baholash talablarini bajarishlari, naslli mahsulotning sifatini kafolatlashlari shartligi koʼrsatilgan.
Shunga qaramay, bu talablarga rioya etilmagan. Fermer xoʼjalik rahbari tomonidan yoʼl qoʼyilgan mazkur qonunbuzilishi holati yuzasidan toʼplangan materiallar qonuniy qaror qabul qilish uchun tuman jinoiy sudiga taqdim etildi.
Shuningdek, asosiy daromad manbai chorvachilik hisoblanadigan Tomdi tumanida ham chorva mollarini identifikatsiyadan oʼtkazish ishlarini orqaga surib kelayotgan fermerlar uchrab turibdi. Bu yerda ikkita naslchilik xoʼjaligi faoliyat yuritadi. Yanvarь oyi davomida hududda oʼtkazilgan 12 nazorat tadbirining 6 tasi ogohlantiruv, 6 tasi monitoring (oʼrganish) lar boʼlib, fermerlar identifikatsiya masalasida beparvolikka yoʼl qoʼyishgani uchun yozma ogohlantirilgan.
Viloyatda chorvachilikni rivojlantirishda amalga oshiriladigan loyihalarni oʼz vaqtida ishga tushirilishini taʼminlash ustidan ham doimiy nazorat oʼrnatilgan. Аytish kerakki, oʼtkazilayotgan nazorat tadbirlari naslli chorvachilikni yanada rivojlantirish hamda xalqimizni sifatli va arzon goʼsht va sut mahsulotlari bilan taʼminlanishida muhim ahamiyatga ega.
“Oʼzagroinspektsiya” Navoiy viloyat boshqarmasi Аxborot xizmati