Ру Ўз O`z En

Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi aholini ish bilan ta’minlashda muhim omildir

24 Iyun 2020 2623

Chorvachilik sohasiga ham subsidiya ajratish tizimini yo‘lga qo‘yilayotganligi oziq-ovqat xavfsizligini taminlashda aholining mehnatga bo‘lgan munosabatini yaxshilash imkonini bermoqda.

Bu kabi chora-tadbirlar ayniqsa, pandemiya sharoitida aholining ishsiz qolgan qatlamini ish bilan band etish, ishbilarmonlikning qonuniy  faoliyatini amalga oshirgan holda nochorlik va kambag‘allikdan chiqish yo‘llarini ochib beryapti.

Davlat rahbarining joriy yil 29 yanvardagi “Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab quvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4576-sonli qaroriga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Chorvachilik tarmog‘iga davlat tomonidan subsidiya ajratishni tartibga soluvchi normativ huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 280-son qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan chorvachilik sub’ektlariga subsidiyalarni ajratilishini ta’minlash yuzasidan “Chorvachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish faoliyatini samarali tashkil etishni ta’minlash bo‘yicha” tuman va viloyat komissiyalari tarkibiga Inspeksiya rahbar-mutaxassislarining kiritilganligi esa mazkur tadbirlarni belgilangan tartib-tamoyillarga asoslangan holda amalga oshirilishini taqozo etadi.

Shu nuqtai nazardan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining ham bu borada amalga oshiradigan chora-tadbirlari belgilab olindi.

Davlat tomonidan chorvachilik xo‘jaliklariga berilayotgan subsidiyalar ham parrandachilik, ham chorvachilik sohalarini rivojlantirish mumkin.

Belgilangan tartibga ko‘ra:

respublika hududida faoliyat yuritayotgan naslchilik xo‘jaliklaridan sotib olingan nasldor qoramolning har bir boshiga 1 million so‘m miqdorida;

xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramolning har bir boshiga 2 million so‘m, nasldor qo‘y va echkining har bir boshiga 400 ming so‘m miqdorida;

“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasiga a’zo bo‘lgan intensiv usulda baliq yetishtiruvchi xo‘jaliklarga:

intensiv usulda yetishtirilgan bir tonna baliq mahsuloti uchun
1 million so‘m miqdorida;

O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilingan 1 dona nasldor ona baliqning 3,5 million so‘mgacha bo‘lgan xarajatlarining 50 foizi miqdorida;

“Parrandasanoat” uyushmasiga a’zo bo‘lgan parrandachilik xo‘jaliklariga har bir bosh 1 kunlik nasldor jo‘jani import qilish bilan bog‘liq xarajatlarning 9 ming so‘mini qoplash uchun davlat tomonidan subsidiya ajratiladi.

Belgilangan tartibga ko‘ra, subsidiya oluvchi tuman komissiyasiga ariza bilan murojaat etadi.

Tuman komissiyasi arizani ko‘rib chiqib, subsidiya ajratish yoki subsidiya ajratishni rad etish to‘g‘risida xulosa qabul qiladi.

Subsidiya ajratish to‘g‘risida xulosa qabul qilinganda bu haqda subsidiya oluvchi xulosa qabul qilingan kuni xabardor qilinadi.

Tuman komissiyasi tomonidan ariza nusxasi, unga ilova qilingan hujjatlar va subsidiya ajratish to‘g‘risidagi xulosa viloyat komissiyasiga taqdim etiladi.

Viloyat komissiyasi o‘z navbatidan hujjatlarni 2 ish kunida "O‘zbekchorvanasl" agentligiga yuboradi.

Agentlik tomonidan hujjatlar ko‘rib chiqiladi va subsidiya mablag‘lari subsidiya oluvchilarning tijorat banklaridagi asosiy hisobvaraqlariga o‘tkazib beriladi.

Text to speech