Hurmatli hamkasblar!
Sizlarni va Siz orqali oila aʼzolaringizni, soha rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan barcha xodimlarni bugungi muhim sana - O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman!
Til-faxr va iftixordir. U muloqot vositasigina bo‘lib qolmay, insonning ichki olamini ifodalaydi, dunyoni teran idrok qilishiga ko‘maklashadi, dunyoqarashi va kamolotini belgilab beradi. Shuning uchun ham yer yuzida rivojlanayotgan har qanday davlat o‘z tilining mavqesini yuksaltirishga intiladi.
Milliy til davlatning rivoji, qolaversa uning millat sifatida dunyo tamaddunida o‘z munosib o‘rinni egallashi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Buyuk tariximiz va ajdodlarimizning merosi ham aynan ona tilimiz orqali bizgacha yetib kelgan.
Bugun ona tilimizga Davlat tili maqomi berilganligining 34 yilligini nishonlamoqdamiz. Tilimizga hurmat va ehtirom ko‘rsatish nafaqat ushbu kunni munosib nishonlash, balki tilning sayqallanishi, sof o‘zbek tilining avlodlarimizgacha yetib borishiga o‘z hissamizni qo‘shish bilan namoyon bo‘ladi, desak adashmagan bo‘laman.
Barchamizga maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risidagi qonunida o‘zbek tilining davlat tili ekanligi belgilab qo‘yilgan. Shunday ekan, har bir davlat xizmatchisi o‘z xizmat faoliyatida davlat tiliga oid bilimlarni o‘zlashtirishi, bilishi va uning masʼuliyatini his etishi lozim.
Aziz hamkasblar!
Sizlarni yana bir bor ushbu shukuhli kun - O‘zbek tili bayrami munosabati bilan chin dildan tabriklayman. Xalqmiz dasturxoniga fayz-baraka, barchangizga sog‘liq, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik tilayman.
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan, Abrol Vaxabov