Paxtachilikda erta va mo‘l hosil yetishtirishda chilpish muhim agrotexnik tadbir hisoblanadi. Bugungi kunda g‘o‘za maydonlarida chilpish tadbirini o‘z muddatida va sifatli o‘tkazish orqali, g‘o‘zaning o‘sishi va rivojlanishi hamda hosil tuplashini yana-da tezlashtirish mumkin bo‘ladi.
G‘o‘zani chilpish ishlari maqbul muddatlarda o‘tkazilganda hosil elementlari to‘kilishining oldi olinadi, gul va ko‘saklar soni oshadi, zararkunanda va hasharotlarning salbiy taʼsiri kamayadi, ko‘saklarning pishishi 5-10 kunga tezlashadi, hosildorlik gektaridan 5-6 sentnergacha oshadi.
Shuningdek, ilmiy tavsiyalarda, chilpishni g‘o‘za navlari va ko‘chat qalinligi, tuproq tarkibi va muhimi hosil shoxlariga qarab, o‘rtacha 12-13 hosil shoxlari bo‘lganda, “qo‘shqator” ekilgan maydonlarda esa 11-12 hosil shoxlari shakllanganda dastlab g‘o‘zani o‘suv nuqtalari bir marta chilpishdan o‘tkazish belgilangan.
Bugungi kunda ertagi va rivoji yaxshi bo‘lgan 314 ming gektar (31%) g‘o‘za maydonlarida o‘rtacha 11-12 tadan, 106 ming gektar (11%) maydonlarda 13-14 tadan hosil shoxlari shakllangan.
Bundan tashqari, shu kabi erta muddatlarda ekilgan, yaxshi parvarish qilingan maydonlarda g‘o‘zaning yon shoxlarini chilpish ishlari aksariyat hududlarda boshlab yuborildi.
Respublika hududlarida joriy yilda parvarish qilinayotgan 1 mln 12 ming 445 gektar g‘o‘zaning, bugungi kunda 30 ming gektari yoki 3 foizida dastlabki chilpish ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, tavsiyalarda, g‘o‘zani chilpish ishlarini kechiktirilishi yoki sifatsiz o‘tkazilishi oqibatida, poya bo‘yiga o‘sib g‘ovlab ketadi va paxta hosili 15-20 foiz kamayib, pishib yetilishi 7-10 kunga kechikadi. Shuningdek, ko‘saklar maydalashib, vazni kamayadi, g‘o‘za serbarg bo‘lib, ko‘saklar qobig‘i qalinlashishi natijasida hasharotlar jumladan, ko‘sak qurti ko‘payishiga olib kelishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Shu bilan birga, g‘o‘zada chilpishni o‘tkazishda uning tartiblari va ilmiy tavsiyalarga rioya qilgan holda amalga oshirilishi talab etiladi. Jumladan: birinchi navbatda g‘o‘zani g‘ovlab ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, buning uchun chilpishni g‘o‘zada o‘rtacha 12-13 hosil shoxlari bo‘lganda, “qo‘shqator” ekilgan maydonlarda esa 11-12 hosil shoxlari shakllanganda o‘tkazish zarur;
ikkinchidan, chilpish o‘tkaziladigan g‘o‘za maydonlari albatta sug‘orilgan bo‘lishi yoki g‘o‘za ostida 65-70 foiz miqdorda namlik bo‘lishi lozim;
uchinchidan, g‘o‘zani chilpishda bosh poyaning va yon shoxlarning o‘suv nuqtalarini olib, etaklarga solish va daladan tashqariga chiqarib ko‘mib tashlash talab etiladi, shundan qilinganda, o‘suv nuqtalariga tuxum qo‘ygan g‘o‘zaning zararkunanda va hasharotlari ham kamayadi;
to‘rtinchidan, imkon qadar chilpishni chala va sifatsiz o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda g‘o‘zani yon shoxlarini chilpishga alohida eʼtibor berish lozim, chunki yon shoxlar olinmasa, qator orasida havo aylanishi buzilib, pastki yarusdagi ko‘saklarni chirishiga olib kelishi mumkin.
Yuqoridagi tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilmagan hollarda, g‘o‘zada 6-7 sentner hosil yo‘qotilishi ko‘p yillik tajribalarda isbotlangan.
“O‘zagroinspeksiya” tomonidan, hududlarda g‘o‘zani chilpish ishlari va 2024 yil paxta hosili uchun parvarish qilinayotgan g‘o‘za maydonlarida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi doimiy nazoratga olinib boriladi.
F.Mamasoliyev, Qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlar
o‘tkazilishini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i