O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 martdagi “Mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish va 2021 yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish to‘g‘risida”gi 121-sonli qarori ijrosini, shuningdek oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholiga sifatli va arzon narxlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘z vaqtida yetkazib berish, mahsulot sonini oshirish orqali bozorlarda erkin raqobat muhitini yaratish maqsadida “O‘zagroinspeksiya” ning viloyat boshqarmasi va tumanlar (Quvasoy shahar) bo‘limlari tomonidan bir qator nazorat va monitoring tadbirlari muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
Qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Farg‘ona viloyatida 5 ming 875 gektar asosiy hamda 7 ming 200 gektar g‘alladan bo‘shagan yer maydonlariga takroriy kungaboqar o‘simligini ekish belgilangan.
Fermer xo‘jaliklari dala maydonlariga qishloq xo‘jaligi ekinlarining serhosil, ertapishar va eksportbop navlarini tanlashda ko‘maklashish hamda sifatli urug‘liklar bilan taʼminlash ustidan nazorat o‘rnatish vazifalari Inspeksiya zimmasiga yuklatilgan.
Jumladan, mazkur qarorlar ijrosi yuzasidan Quva tuman hokimining kungaboqar o‘simligini ekish bo‘yicha qarori qabul qilinib, ekinlarni qulay muddatlarda ekish maqsadida ishchi guruhlari va otryadlar tashkil etilgan hamda joriy yilda tumanda 459 gektar asosiy maydonlarga kungaboqar o‘simligi yetishtirilishi rejalashtirilgan.
Qaror ijrosini taʼminlash yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tumandagi “Ashurov Mo‘minjon” fermer xo‘jaligining 40 gektarlik maydoniga kungaboqar o‘simligining urug‘i ekilgan bo‘lib, hozirgi kunda nihollar unib chiqqan va o‘simlikka birinchi agrotexnik ishlov berish ishlari amalga oshirilmoqda.
-“Aholini qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, ichki bozorni o‘zimizda ishlab chiqarilgan sifatli o‘simlik yog‘i bilan taʼminlash maqsadida dehqonchilik qilish uchun ajratib berilgan yer maydonlarida kungaboqar o‘simligi yetishtirishni boshlab yubordik. O‘ylaymanki, ushbu tadbir iqtisodiy jihatdan samarali hamda sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha barcha uchun qulay bo‘ladi”, - deydi fermer xo‘jaligi rahbari K. Ashurov.
Dala maydonlariga “O‘zagroinspeksiya” xodimlarining ko‘magi va maslahati bilan sertifikatlangan yuqori sifatli urug‘liklar yetkazib berildi, vegetatsiya davri davomida olib boriladigan agrotexnik tadbirlarning natijasida albatta ko‘zlangan mo‘l hosilning olinishiga erishamiz.
Shunday ekan, viloyatning boshqa hududlarida ham bu boradagi nazorat tadbirlarining samarali tashkil etilishi, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash hamda aholiga sifatli va arzon narxlardagi mahsulotlarning o‘z vaqtida yetkazib berilishida muhim omil sanaladi.
Xusanboy Yuldashev, Inspeksiyaning Quva tuman bo‘limi inspektori.