Oʼzbekiston Respublikasining 2019 yil 16 fevralda qabul qilingan “Urugʼchilik toʼgʼrisida”gi OʼRQ-521-sonli Qonuni bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasiga bir qator vakolatlar berilgan.
Jumladan, Qonunning 16-moddasiga binoan qishloq xoʼjaligi ekinlarining urugʼlik ekinlari aprobatsiyasi toʼgʼri oʼtkazilishi ustidan nazorat yuritish vakolatidan kelib chiqib, Oʼzagroinspektsiyaning viloyat hududiy boshqarmasi qishloq xoʼjaligi ekinlari urugʼlari yetishtirilishi va taʼminotini nazorat qilish boʼlimi inspektorlari “Urugʼchilikni rivojlantirish markazi” qoshidagi uchta elita urugʼchilik xoʼjalik MChJlar, Respublika ilmiy-tadqiqot institutlarining viloyatdagi tajriba stantsiyalari bilan birgalikda jami 316 ta urugʼlik paxta yetishtiruvchi xoʼjaliklarning 11 563 gektar urugʼlik maydonlarida gʼoʼza aprobatsiyasi tadbirlarini oʼtkazishdi.
Oʼtkazilgan aprobatsiya natijalari boʼyicha jami 74 ta fermer xoʼjaliklarining 631 gektar urugʼlik maydonlari urugʼlik paxta yetishtirish uchun “yaroqsiz” deb topilib, bular 6 ta fermer xoʼjaligining 164 gektar maydonlari toʼliq hamda 68 ta fermer xoʼjaligining 467 gektar qisman maydonlarini tashkil etadi.
“Yaroqsiz” deb topilgan 467 gektar maydonlarning 441 gektarida gʼoʼzalar rivojdan orqada qolganligi,10 gektarini begona oʼt bosganligi, 17 gektaridagi gʼoʼzalar chanqaganligi, 13 gektarida koʼchatlar qalin qoʼyilganligi, 53 gektarida navdorligi pastligi, 34 gektarida gʼoʼzalar turli kasalliklarga chalinganligi, 51 gektarida gʼoʼzalarni zararkunandalar zararlaganligi va 13 gektarida boshqa sabablarga koʼra urugʼlik hisobdan chiqarilgan.
Shuningdek, viloyat boʼyicha 2021 yil hosili uchun 16 792 tonna urugʼlik paxta jamgʼarish rejalashtirilib, shundan 14 747 tonnasi asosiy, 2 046 tonnasi zahira fond uchun qabul qilinishi belgilangani holda, kutilayotgan urugʼlik chigit miqdori 8 900 tonnani tashkil qildi.
Urugʼlik paxta xom ashyosini navlar boʼyicha quyidagicha jamgʼarish rejalashtirildi: S-8290 gʼoʼza navidan jami – 6 809 tonna; asosiy fond uchun – 5 921 tonna; zaxira fond uchun – 888 tonna; Namangan-77 gʼoʼza navidan jami – 5 561 tonna; asosiy fond uchun – 4 875 tonna; zaxira fond uchun – 687 tonna; S-6524 gʼoʼza navidan jami – 1 829 tonna; asosiy fond uchun – 1 548 tonna; zaxira fond uchun – 281 tonna; Sulton gʼoʼza navidan jami – 1 589 tonna; asosiy fond uchun – 1 399 tonna; zaxira fond uchun – 190 tonna; Yangi va sinov navlaridan jami – 1 004 tonna jamgʼarish belgilanib barchasi asosiy fondni tashkil etadi.
Аlbatta, ushbu tadbirlarning muntazam nazorat ostida bajarilishi kelgusi yil hosili uchun sifatli urugʼlik chigit tayyorlanishiga mustahkam zamin yaratadi.
Аgroinspektsiyaning Fargʼona viloyat boshqarmasi