Ру Ўз O`z En

Farg‘ona viloyatida suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha iyun oyining bir haftasida 92 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilgan

14 Iyun 2021 2288

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni nazorat qilish sohasida Farg‘ona viloyatida Inspeksiya tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023-yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ 5005-sonli Qarorining 9-bandida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga bir qator masʼul tashkilot va idoralar bilan birgalikda suv tanqisligi sharoitida ekinlarni ko‘llatib sug‘orish va suvni zovurga tashlab qo‘yishning har bir holatini “favqulotda holat” sifatida baholab, suvdan maqsadli va tejamli foydalanish, suv isteʼmoli tartibiga qatʼiy rioya etilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatish hamda suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibini buzganlarga nisbatan keskin choralar ko‘rib borish vazifasi yuklatilgan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 fevraldagi “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 95-sonli Qarorida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda joriy etilgan suvni tejaydigan texnologiyalardan hamda suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi talablari bajarilishi bo‘yicha doimiy nazorat o‘tkazishga masʼulligi belgilangan.

Yuqoridagilarga asosan, inspeksiyaning Farg‘ona viloyati boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan ushbu sohada tinimsiz nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Misol uchun iyun oyining birinchi haftasi mobaynida jami 92 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilib, shundan 67 ta holatda qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Aniqlangan qonunbuzilish holatlarining 33 tasida inspeksiyaning tuman bo‘limlari tomonidan maʼmuriy jarima choralari ko‘rilib, 47 ta holatda moliyaviy jarima choralari qo‘llanildi.

Misol uchun, Inspeksiyaning Farg‘ona viloyati boshqarmasi Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi inspektorlari tomonidan birgina Farg‘ona shahrining o‘zida belgilangan tartibda «FAR SAID-G‘OLIB», «HOSIL DO‘STLIGI», «OYBEKJON IZZATILLO ISTIQBOLI» fermer xo‘jaliklarida tekshirish o‘tkazilib, ushbu tekshirishda fermer xo‘jaliklari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risidagi qonuni va Vazirlar Mahkamasining 19.03.2013 yildagi 82-sonli Qarori bilan tasdiqlangan  “O‘zbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablari buzilganligi aniqlandi.

Yuqoridagi fermer xo‘jaliklari rahbarlariga nisbatan 11 760 ming so‘mlik moliyaviy jarima sanksiyalari qo‘llanildi.

Bundan tashqari, tegishli korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlariga maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etish sabablari va uning kelib chiqishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilinishi yuzasidan choralar ko‘rish to‘g‘risida 4 ta yozma ko‘rsatma va 2 ta taqdimnomalar kiritildi. 

O‘z navbatida, huquqbuzarlik sodir etilishining erta oldini olish maqsadida 38 ta suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilariga rasman ogohlantirish xatlari berilgan. Bu borada nazorat tadbirlar davom ettirilmoqda.

J.Ehsonov,  Inspeksiyaning Farg‘ona viloyati boshqarmasi bosh inspektori

Text to speech