Ру Ўз O`z En

Forish kengliklarida qorako‘lchilik rivojlanmoqda

21 Aprel 2022 1797

Forish tumani Jizzax viloyatining eng yirik tumanlaridan biri bo‘lib, qir-adirliklar va bepoyon dasht-kengliklari hududda chorvachilik tarmog‘i, xususan qorako‘lchilikni rivojlantirish imkonini beradi. Mazkur go‘sha ilgaridan qorako‘l qo‘ylarini va undan olinadigan mahsulotlarni yetishtirish bo‘yicha yetakchi hududlardan sanalgan.

Bugungi kunda tumanda 102 ta qorako‘lchilik fermer xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ularga tegishli 112 ming gektar yaylovlarda 61 ming 800 boshdan oshiq qorako‘l qo‘ylari parvarish qilinib kelinmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 martdagi “Chorvachilikda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi PQ-2841-sonli qarori asosida tashkil etilgan “Olimjon qorako‘lchi” fermer xo‘jaligida ham qorako‘l zotli qo‘ylar boqilmoqda. Bundan to‘rt yil muqaddam 290 bosh qorako‘l qo‘ylari bilan faoliyat boshlagan xo‘jalikda hozirgi kunda boqilayotgan mayda shohli mollar soni 700 boshga yetgan.

Keyingi yillarda qorako‘lchilik fermer xo‘jaliklari tomonidan qorako‘l qo‘ylarini naslini yaxshilash maqsadida qo‘shni Afg‘oniston davlatidan, hamda Buxoro va Qashqadaryo viloyatlaridan naslli qorako‘l qo‘chqorlari keltirilib, qorako‘l qo‘ylar sifatini yaxshilash choralari ko‘rilmoqda. Bunda xo‘jaliklarda naslchilik va sunʼiy urug‘lantirish ishlarini tizimli tashkil etish, chorvachilikda naslchilik bilan shug‘ullanuvchi xo‘jaliklarga yer maydonlarini ajratish va ulardan samarali foydalanilish muhim hisoblanadi. Mazkur vazifalarning bajarilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilib, xo‘jaliklarda profilaktik targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda.  

Umuman olganda, qorako‘l qo‘ylari mayda shohli mollarning eng qadimgi zoti bo‘lib, bugungi kunda dunyoning 50 dan ortiq davlatlarida qorako‘l zotli qo‘ylar boqiladi. Binobarin, mamlakatimizda ham qorako‘lchilik tarmog‘ida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, naslchilik ishlarini takomillashtirish orqali sifatli qorako‘l teri yetishtirish, cho‘l ozuqabop ekinlar urug‘chiligi maydonlarini tashkil etish va yaylovlar hosildorligini oshirish davlat siyosatining ustuvor masalalaridan biriga aylangan.

Misol uchun, qorako‘lchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun yagona yer solig‘i stavkalari 2023 yil 1 yanvarga qadar o‘zgarishsiz qoldi, Respublika hududida qorako‘l terisi va junini tayyorlash hamda xarid qilish O‘zbek charim poyabzal va qorako‘lchilik uyushmalari tizimidagi korxonalar tomonidan oldindan 50% avans to‘lash orqali amalga oshiriladi. Qorako‘lchilik bilan shug‘ullanuvi subyektlar, qorako‘lchilik maxsulotlarini qayta ishlash korxonalari Respublikada ishlab chiqarilmaydigan jihozlar va materiallar uchun bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan. 

Behruz Bozorov, "O‘zagroinspeksiya" Forish tuman bo‘limi katta inspektori

Text to speech