Samarqandda 2022 - yil hosili uchun g‘allani iqlim sharoitiga mos, serhosil navlari ekildi. Samarqandlik g‘allakorlar kelgusi yilda har gektar yerdan 70-80 sentner hosil yetishtirish uchun astoydil mehnat qilishmoqda.
“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyati boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan g‘alla parvarishida belgilangan agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi, g‘alla ekilgan maydonlarni sug‘orish tadbirlari o‘tkazilishida suv resurslaridan oqilona foydalanish yuzasidan monitoring qilinmoqda.
Shuningdek, klaster korxonalari va fermer xo‘jaligi rahbarlari, suvchilar ishtirokida suvdan foydalanish, suv isteʼmoli talablariga rioya etilishi bo‘yicha huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Ammo, keng qamrovli tushuntirish ishlariga qaramasdan suvdan foydalanish qoidalarining buzilishi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar tez-tez uchrab turibdi.
Xususan, o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida Jomboy tumanidagi M.Ulug‘bek hududidagi "Sonqulov Boxodir" fermer xo‘jaligi tomonidan ekilgan 3 gektar, "Baxtiyor chorvasi" fermer xo‘jaligi tomonidan 4 gektar g‘alla maydonini sug‘orish davomida dalaga suvchi biriktirilmaganligi sababli g‘alla sug‘orishga ajratilgan suv nazoratsiz qoldirilgan natijada g‘alla maydoni ko‘llatib yuborilgan.
Paxtachi tumanidagi “Sh.Nazarov shogirdlari hududidagi “Sundorbek Sardorbek dalasi” va “Oq tepa oltin vodiy” fermer xo‘jaliklari tomonidan g‘alla maydonlarini sug‘orish davomida suv qarovsiz qoldirilgan. G‘alla maydonlarini sug‘orishda kalta o‘q ariqlar bilan bo‘linmaganligi aniqlandi.
Shunday holatlar Ishtixon tumani “Elyorjon Raxmonov”, “Maxsudjon Maxmudov”, “Oqtol dalasi”, “Ishtixon serhosil dalasi”, Toyloq tumani Jumabozor agrofirmasi hududidagi “Laziz Aziz dalasi”, Nurobod tumani “Nurbuloq” hududidagi “Shavkatjon” fermer xo‘jaligi, Oqdaryo tumani Navro‘z hududidagi “Xonchorbog‘ Beshkal”, “Eshnazarxon Jumaboyev”, “Dilshodbek Iymona” fermer xo‘jaliklari rahbarlari tomonidan sodir etilgan.
Yuqoridagi holatlarni Kattaqo‘rg‘on tumani o.Mahmudov hududidagi “Ortiq Murod dalasi”,”Boltabek”, “To‘ychiyev Sayfullo” Payariq tumani Xasan-Husan muhandislari hududidagi "Nazar Ashur o‘g‘li", Tomoyrot hududidagi "Nazarov Oybek", Pastdarg‘om tumanidagi “Uchqun”, Samarqand tumani konigil hududidagi “Shuxrat” fermer xo‘jaliklarida ham aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasining MJtK ning tegishli moddalariga asosan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda suv resurslaridan oqilona foydalanmaslik, suv isrofgarchiligiga yo‘l qo‘yilishi maʼmuriy jarimaga sabab bo‘ladi.
Shu bois, yuqoridagi huquqbuzarliklarga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, materiallar tegishliligi bo‘yicha ko‘rib chiqish uchun Sudlarga kiritilishi taʼminlandi.
Suv resurslaridan oqilona foydalanish, suvga bo‘lgan talab va ehtiyojni to‘liq qondirish bilan birga, tabiatning ushbu neʼmatini kelajak avlodlarga ham meros qoldirish imkonini berishini unutmaslik lozim.
Odiljon Shomurodov, “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi katta inspektori