Joriy yil mavsumida Respublikamizda g‘alla yetishtirish uchun juda qulay ob-havo kuzatildi. Bundan unumli foydalangan har bir fermer va klasterlar o‘z oldiga g‘alladan yuqori va sifatli hosil yetishtirishni maqsad qilganlar. Natijaga erishish uchun albatta g‘alla parvarishida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida maromiga yetkazib bajarishi hamda mavjud resurslar, mineral va mahalliy o‘g‘itlar hamda suvdan unumli foydalanish lozim bo‘ladi.
Shuningdek, aprel oyida begona o‘tlar, kasalliklar va zararkunandalarining g‘alla maydonlarini zararlashini inobatga olib, ularga qarshi kurash choralarini ko‘rish va doimiy kuzatuv talab etiladi. Aks holda bu tadbirlarni kechiktirilishi yetishtirilayotgan donning sifati va hosildorligini keskin pasayishiga olib keladi.
“O‘zagroinspeksiya”ning hududiy boshqarmalari va tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan g‘alla maydonlarining begona o‘t, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish uchun amalga oshirilayotgan ishlar ustidan doimiy nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Xususan, o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida, hududlarda bugungi kungacha g‘alla maydonlarini begona o‘tlariga qarshi kurash uchun, bir yillik ikki pallali begona o‘tlarga qarshi 111 foiz, ko‘p yillik ikki pallali begona o‘tlarga qarshi 115 foiz, boshoqli begona o‘tlarga qarshi 109 foiz gerbitsidlar zaxirasi yaratilganligi aniqlandi.
Shu bilan birga, hududlarda zang va boshqa kasalliklariga qarshi kurash ishlari amalga oshirish maqsadida 92 foiz fungitsidlar hamda zararli xasva va boshqa zararkunandalarga qarshi kurash uchun 110 foizi insektitsidlar zaxirasi mavjudligi maʼlum bo‘ldi.
Buning natijasida bugungi kunda, joylarda g‘alla maydonlarining 897,6 ming gektari yoki 87 foizi begona o‘tlarga qarshi gerbitsidlar bilan, 908,8 ming gektari yoki 88 foizi zang kasalligiga qarshi fungitsidlar bilan ishlangan bo‘lsa, 355,3 ming gektar yoki 34 foiz g‘alla maydonlarida zararkunandalarga qarshi insektitsidlar bilan ishlovlar o‘tkazilganligi aniqlandi.
Inspeksiya tomonidan, mavsum davomida amalga oshirgan nazorat tadbirlari davomida, g‘alla parvarishida agrotexnik tadbirlarni bajarilishda aniqlangan kamchiliklar va ularni bartaraf etish hamda kelgusida takrorlanmasligini oldini olish maqsadida, fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalariga 12275 ta ogohnoma, 8453 ta ko‘rsatma kiritilib, mahalliy hokimliklar va sohaga tegishli idoralarga 489 ta taqdimnomalar berildi, shuningdek, 124 ta maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Qishloq xo‘jaligida Agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilish boshqarmasi