Butun dunyoda bo‘lgani kabi, mamlakatimizda ham oziq-ovqat xavfsizligiga qarshi kurash va aholi iste’moli uchun ichki bozorni sifatli don mahsulotlari bilan ta’minlashda, mahalliy sharoitlarimizga mos, yuqori hosilli urug‘lik don yetishtirish ham, o‘zining alohida o‘rniga ega.
Shu maqsadda, Jizzax viloyatida 233 ta urug‘chilik fermer xo‘jaliklari tomonidan 6,4 ming gektar maydonlardan jami 22,6 ming tonna urug‘lik don yetishtirish belgilangan.
Urug‘lik don yetishtiruvchi qishloq xo‘jalik korxonalari va fermer xo‘jaliklari tomonidan bugungi kunda, 1,2 ming gektar “Super elita” avlodli, 5,0 ming gektar “Elita” avlodli va 0,2 ming gektar “R-1” avlodli urug‘lik don, alohida navlar bo‘yicha parvarish qilinmoqda.
Xususan, g‘allaning “Grom”, “Vassa”, “Aleksevich”, “Asr”, “Gurt”, “Vexa”, “Antonino” va boshqa navlaridan urug‘lik don yetishtirilyapti.
Bugungi kunda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktyabrdagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 641-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari asosida, urug‘lik g‘alla maydonlarini aprobatsiya jarayoniga tayyorlash maqsadida, urug‘lik maydonlarida xo‘jalikning nomi, urug‘lik g‘alla navi, avlodi va maydoni aks ettirilgan pannolar o‘rnatilishi, kamida ikki martadan ajralishi qiyin bo‘lgan begona o‘tlardan, navlardan o‘toq qilish, tozalash ishlarining o‘tkazilishi yuzasidan monitoring tadbirlari olib borilmoqda.
“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi va tegishli soha tashkilotlari mutaxassislari bilan birgalikda o‘tkazilgan monitoringlar davomida, shu kungacha 506 gektar urug‘lik g‘alla maydonlarida belgilangan agrotexnik tadbirlar talab darajasida amalga oshirilmaganligi sababli, yaroqsiz deb topilib, tegishli tartibda dalolatnomalar rasmiylashtirilishi nazoratga olindi.
Viloyatda kelgusi yil hosili uchun yuqori sifatli urug‘lik don yetishtirishni ta’minlash yuzasidan Inspeksiyaning tuman bo‘limlari tomonidan “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi Qonuning 8-moddasi va mazkur qarorning 1-ilovasi bilan tasdiqlangan nizomning 21-bandlariga asosan, 220 ta fermer xo‘jaliklari rahbarlariga tegishli tartiblarda ogohlantirish xatlari berib borilmoqda.
Inspeksiyaning Jizzax viloyati boshqarmasi
Qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish sho‘basi boshlig‘i O‘.Qarshiboyev,