Xorazm viloyatida 2025-yil hosili uchun 4 ta g‘allachilik klasterlari va 1 ming 384 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan ochiq maydonga 2 ming 275 gektar, g‘o‘za qator orasiga 30 ming 925 gektar jami 33 200 gektar maydonga g‘alla ekish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda g‘alla ekishga yer tayyorlash ishlari jami 28 763 (87%) gektar maydonlarda amalga oshirilgan bo‘lsa, g‘alla ekish ishlari jami 25 571 (77%) gektar maydonda bajarib bo‘lindi.
G‘allaga ekishdan oldin yoki ekish bilan beriladigan fosforli va kaliyli mineral o‘g‘itlar zaxirasi yetarli darajada jamg‘arilgan bo‘lib, fosforli mineral o‘g‘itlar 7 192 tonna yoki 103 foiz, kaliyli mineral o‘g‘itlar 1 752 tonna yoki 81 foizga zaxira qilingan.
Bugungi kungacha ekishdan oldin yoki ekish bilan birga fosforli mineral o‘g‘itlar 5 370 tonna yoki 77 foiz, kaliyli mineral o‘g‘itlar 1 272 tonna yoki 59 foiz mineral o‘g‘itlar berilgan.
Ushbu maydonlarda agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi yuzasidan Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan tizimli nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Xususan, o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida viloyat tumanlaridagi 406 ta subyektlar tomonidan 2 179 gektar maydonlarda kamchiliklar aniqlangan bo‘lib, ushbu aniqlangan kamchiliklarni kelgusida takrorlamaslik yuzasidan fermer xo‘jaliklariga 1 ming 339 ta ogohlantirish, 142 ta yozma ko‘rsatma va mutasaddi tashkilot rahbarlariga 5 ta taqdimnoma taʼsir choralari qo‘llanildi.
Bundan tashqari, kuzgi bug‘doy ekishda sertifikatlanmagan urug‘liklardan foydalanishni oldini olish maqsadida inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari mutaxassislari tomonidan fermer xo‘jaliklariga 806 ta ogohnomalar, 64 ta yozma ko‘rsatmalar berilishi taʼminlangan.
Hududlarda g‘alla ekishda amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi hamda mavsum davomida sertifikatlangan urug‘liklardan foydalanilishi “O‘zagroinspeksiya”ning Xorazm viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan doimiy nazoratga olinib, tegishli choralar ko‘rib borilmoqda.
S. Xodjayev, D. Qutlimuratov - "O‘zagroinspeksiya"ning Xorazm viloyat boshqarmasi