Hukumatning tegishli qaroriga muvofiq, “O‘zagroinspeksiya”ga chorvachilikda naslchilik ishini nazorat qilish sohasida bir qator vakolatlar berilgan bo‘lib, idoraviy bo‘ysunuvidan va mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar, barcha korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlarda chorvachilikda naslchilik ishlari to‘g‘risidagi qonun xujjatlariga va boshqa normativ xujjatlarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
“Naslchilik to‘g‘risida”gi Qonun va sohaga oid boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan viloyat boshqarmasining sohaviy xodimlari tomonidan tizimli nazorat o‘rnatilgan.
Xususan, Xorazm viloyatida chorvachilik yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat ko‘rsatayotgan jami 1 ming 654 ta subyekt, shundan 594 tasi qoramolchilik, 95 tasi quychilik -echkichilik, 1 tasi yilqichilik, 39 tasi tuyachilik, 107 tasi parrandachilik, 731 tasi baliqchilik, 44 tasi asalarichilik va 37 tasi quyonchilik va 12 tasi pillachilik subyektlarini tashkil qiladi.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida chorvachilikda naslchilik ishlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga va boshqa normativ hujjatlarga rioya etilishi ustidan jami 920 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, shundan, 903 ta monitoringlar va 17 ta tekshirishlarni tashkil etdi.
O‘tkazilgan nazorat va monitoring tadbirlari davomida aniqlangan jami 874 ta qonunbuzilishlari yuzasidan masʼullarga nisbatan tegishli tartibda taʼsir choralari ko‘rilishi taʼminlandi.
Bundan tashqari, 52 ming doza naslli buqa urug‘i yetkazib berilishi va 40 ming bosh sigirlar sunʼiy urug‘lantirilishi taʼminlanishi nazoratga olindi.
Chorvachilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ozuqabop ekinlar ekish uchun jami 45 ming 192 gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, shundan, 7 ming 785 gektar yer maydoniga beda, 15 ming 491 gektar yer maydonga makkajo‘xori don uchun, 18 ming 676 gektar maydonga silos uchun makkajo‘xori, 3 ming 240 gektar yer maydoniga xashaki lavlagi ekilishi taʼminlandi.
Inspeksiyaga qonunchilik hujjatlarida belgilangan vakolatlardan kelib chiqib kelgusida chorvachilikni yana-da rivojlantirishga hissa qo‘shish hamda huquqbuzarliklarni oldini olish maqsadida yangidan tashkil etilayotgan chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik va boshqa yo‘nalishlardagi Hukumat qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, chetdan olib kelingan yirik va mayda shoxli mollarni, parrandalarni, baliqlarni va boshqa turdagi mahsulotlarni reyestrga olinishi, mollarni ro‘yxatga olinishi va boshqa holatlar bo‘yicha monitoring nazorat tadbirlarini o‘tkazish, shuningdek, har qanday turdagi huquqbuzalik hamda qonunbuzilishlarni oldini olish maqsadida nazorat tekshiruvlari o‘tkazilishi taʼminlanadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Naslchilik to‘g‘risida”gi, “Seleksiya yutuqlari to‘g‘risida”gi Qonunlari va boshqa qonun hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining farmon va qarorlarida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishini taʼminlash ustidan qatʼiy nazorat olib borilmoqda.
T. Madaminov - “O‘zagroinspeksiya”ning Xorazm viloyati boshqarmasi inspektori