Tajribali dehqonlar bejizga, “Texnika - dehqonning qanoti” deyishmagan. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan mo‘l hosil yetishtirish, aynan qishloq xo‘jaligi texnikalariga bog‘liq. Shu bois, yurtimizda agroklaster korxonalari rahbarlari, fermerlar tomonidan sohaga ilmiy yondashilgan holda, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari xarid qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Hukumatning 2023-yidagi 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Reglament talablaridan kelib chiqib, "O‘zagroinspeksiya" tomonidan qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazib kelinmoqda.
Sohada raqamlashtirishni qo‘llash va talab etiladigan hujjatlar hamda vaqtni qisqartirilishi hisobiga bugungi kunda jismoniy va yuridik shaxslarga 1 ish kunida texnikalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish imkoniyati yaratildi.
Buning natijasida, 2023 yilda 10 mingdan ortiq yangi qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalari davlat ro‘yxatiga olindi.
Jumladan, mazkur texnikalarning 8 mingga yaqini qishloq xo‘jaligi texnikalari va 2 mingdan ortig‘ini melioratsiya va yo‘l qurilish texnikalarini tashkil etadi.
Shulardan ,
Chopiq va transport traktorlari 3980 ta;
Haydov traktorlari 421 ta;
Mini traktorlar 652 ta;
G‘alla o‘rish kombaynlari 152 ta;
Paxta terish mashinalari 58 ta;
Qishloq xo‘jaligi agregatlar 2586 ta;
Ekskavatorlar 526 ta;
Buldozerlar 51 ta;
Yuklagichlar 1124 ta;
Katoklar 226 ta;
melioratsiya va yo‘l qurilishi agregatlari 445 tani tashkil etmoqda.
Eʼtiborli jihati, yangi ro‘yxatga olingan 10 mingdan ortiq texnikalarning 60-70 foizi yuqori unumli zamonaviy resurs tejamkor texnikalar hisoblanadi .
Joriy yilda ham "O‘zagroinspeksiya" tomonidan qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda jismoniy va yuridik shaxslarga yana-da qulayliklar yaratish maqsadida, ularning murojaatlari asosida texnikani turgan joyiga borib davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda davlat raqam belgisi va texnik pasportlarni o‘sha joyning o‘zida berish xizmatlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.
Maʼlumot uchun:
Texnikalarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlari Inspeksiya, davlat xizmatlari markazlari va YAIDXP (my.gov.uz) orqali texnika egasi yoki uning vakili so‘rovnomasiga asosan amalga oshiriladi.
Texnikalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yoki qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda:
texnik pasport beriladigan qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalari hamda o‘ziyurar mashinalarni davlat ro‘yxatidan yoki qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun – BHMning 20 foizi (66 000 so‘m) miqdorida;
texnik guvohnoma beriladigan qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish mashinalari, agregatlari va asbob-uskunalarini davlat ro‘yxatidan yoki qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun – BHMning 18 foizi (59 400 so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.
"O‘zagroinspeksiya"ning Texnikalar holatini nazorat qilish boshqarmasi