Lazerli yer tekislash - bu maʼlum bir sirt ustida qirg‘ichning balandligini boshqaradigan lazer nurlari yordamida yuqori aniqlikdagi topografik maydonning bir xilligiga erishish texnologiyasidir.
Ushbu texnologiyani amaliyotga keng joriy etish maqsadida oxirgi 2-3 yilda mamlakatimizda qator qonunchilik hujjatlari qabul qilindi.
Xususan, Prezidentning 2023 yil 26 yanvaridagi PQ-23-sonli qarorida 2023 yildan boshlab, xorijdan olib kelingan va respublikamizda ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlarini sotib olgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga yer tekislagich agregatlari qiymatining 30 foizi Davlat byudjetidan qoplab berilishi belgilangan.
Davlatimiz tomonidan lazerli yer tekislagichlar sotib olishga berilayotgan imtiyozlar natijasida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalari tomonidan 912 dona yangi zamonaviy lazerli yer tekislagichlar xarid qilindi va ushbu texnikalar belgilangan tartibda davlat ro‘yxatiga olindi.
Bugungi kunda davlat ro‘yxatiga olingan zamonaviy resurs tejamkor lazerli yer tekislagichlar soni 2 ming donadan ortadi.
Maʼlumot uchun 2017 yilda mamlakatimizda lazerli yer tekislagichlar soni atiga 127 donani tashkil etgan.