O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Meva sabzavotchilik va uzumchilikda tadbirkorlikni rivojlantirish,qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishda dehqon xo‘jaliklarning ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hamda “Dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorlari ijrosini o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Navoiy viloyatida 2022-2023 yillar davomida, jami 9 530 gektar yer maydoni 24 764 ta lotlarga loyihalashtirilib, 24 756 ta lotlar “E-auksion” tanlovlariga chiqarilgan, shundan 24 596 ta lotdagi 9 442 gektar yer maydonlarida g‘oliblar aniqlanib, qolgan 160 ta tanlovda turgan 89 gektar yer maydonining g‘oliblari aniqlanmagan.
O‘rganishlar davomida, Navbahor tumanida 76 nafar fuqaro 53.51 gektar, Konimex tumanida 54 nafar fuqaro 45,03 gektar, Nurota tumanida 60 nafar fuqaro 60,09 gektar, Qiziltepa tumanida 100 nafar fuqaro 63,52 gektar, Karmana tumanida 92 nafar fuqaro 89,31 gektar ajratilgan yer maydonlaridan ekin ekmasdan samarasiz foydalanib kelinayotganligi hamda o‘z holiga tashlab qo‘yganligi aniqlandi.
Ushbu holatlar bo‘yicha fuqarolarga Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi mutaxassislari tomonidan yerdan samarali foydalanish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilib, O‘zbekiston Respublikasi “Yer kodeksi”ning 36-moddasining tegishli bandlarini qo‘llagan holda ajratilgan yer maydonlarini zahiraga qaytarish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
A.Turabov, Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi yetakchi mutaxassisi