Ру Ўз O`z En

Iqtisodiy jihatdan samarasiz bog‘larni buzish va o‘rniga yangi intensiv bog‘lar barpo qilish doimiy nazoratda

21 Oktyabr 2020 3302

Ona yurtimizda bog‘dorchilik keng rivojlanib kelmoqda, xalqimiz dasturxoniga turli mevalar yetishtirib bermoqda. Hozirda turli mevalar g‘arq pishib, dasturxonlarimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda. Mirishkor bog‘bonlarimiz nafaqat xalqimiz dasturxoniga, qo‘shni mamlakatlar bozorlariga ham sifatli mevalar yetishtirib bermoqdalar. Bu esa o‘z navbatida yurtimizning iqtisodiy jihatdan rivojlanishiga olib kelmoqda.

Sirdaryo viloyatidagi fermer xo‘jaliklariga qarashli 5347 gektar bog‘zorlar mavjud bo‘lib, 3330 gektari hosilli bog‘lar hisoblanadi. Ushbu bog‘lardan gektariga 134 sentnerdan, jami 44514 tonna meva yetishtirish hisob-kitob qilingan.

Bundan tashqari, viloyat bo‘yicha fermer xo‘jaliklari hisobida 640 gektar intensiv (pakana va yarim pakani) bog‘lar mavjud bo‘lib, shundan 159 gektari mevali bog‘larni tashkil qilib, ushbu bog‘lardan o‘rtacha 208 sentnerdan jami 3303 tonna mahsulot ishlab  chiqarish rejalashtirilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 dekabrdagi 1012-sonli qaroriga asosan, iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bog‘ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish tartibi to‘g‘risida Nizom tasdiqlangan bo‘lib, Nizom talablariga ko‘ra, Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi tomonidan yaroqsiz deb topilgan kam hosil beradigan bog‘ va tokzorlar o‘rnida intensiv bog‘ va tokzorlar barpo qilish bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatilgan.

Shuningdek, mazkur Nizomda fermer xo‘jaliklari yoki boshqa qishloq xo‘jaligi tashkilotlarining iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bog‘ va tokzorlarini yaroqsiz deb topish, ularning o‘rnida intensiv bog‘ va tokzor barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga o‘tkazilishi tuman hokimliklari tomonidan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi hamda Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi belgilangan.

Joylarda tuzilgan Komissiya a’zolari tomonidan 2020 yildan boshlab har yili 1 oktabrga qadar iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bog‘ yoki tokzor maydonlarining manzilli ro‘yxati shakllantiriladi hamda ushbu maydonlarda yaroqsiz holga kelgan bog‘ va tokzorlarni buzib haydaladigan yerlar toifasiga o‘tkazish va ularning o‘rniga yangi intensiv bog‘larni tashkil qilish choralari ko‘riladi.

Yuqoridagi qaror ijrosini ta’minlash maqsadida, viloyat hokimining 2019 yil 21 dekabrdagi 335-sonli qarori bilan, 264 gektar yaroqsiz holga kelib qolgan bog‘larning 2020 yil qish-bahor oylarida                  247 gektarini buzish hamda o‘rniga yangi intensiv bog‘lar tashkil qilish rejalashtirilgan. Amalda bugungi kunda, 161 gektar (gilos, shaftoli, olxo‘ri, olma, anor) yangi bog‘zorlar barpo qilinishi ta’minlandi.

Bundan tashqari, 2021 yilda ham viloyat bo‘yicha mavjud 5347 gektar bog‘larning iqtisodiy jixatdan samarasiz bo‘lgan 240 gektari shundan, 30 gektari joriy yili kuz oyida, 110 gektari 2021 yil qish-bahor oylarida hamda 100 gektari 2021 yilning kuz oyida buzilishi rejalashtirilgan va  ularning o‘rniga yangi intensiv bog‘lar tashkil qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.

Shu qatori, viloyat bo‘yicha joriy yilning kuz oylaridan boshlab, 2021 yilning kuz oylarigacha 29 ta fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 1761 gektar maydonga yangi bog‘lar barpo qilish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu maydonlarning 364 gektari paxta va g‘alladan qisqargan maydonlarga, 240 gektari buziladigan bog‘zorlar hamda 157 gektari o‘zlashtiriladigan lalmi va adir yerlarga barpo qilinishi belgilangan.  

Yuqoridagi ishlarni amalga oshirilishida “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi inspektorlari tomonidan doimiy nazorat monitoring tadbirlari amalga oshirilib, fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga bog‘dorchilikni rivojlantirish borasida amaliy yordamlar berib kelinmoqda.

 

Ikromjon Gulmuratov, “O‘zagroinspeksiya”ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishi va ta’minotini nazorat qilish bo‘limi” bosh inspektori     

 

Text to speech