2019 yili Jizzax viloyati fermer xo‘jaliklari tomonidan davlat xirmonlariga 320 ming tonnaga yaqin don topshirilgan bo‘lsa, joriy yilda davlat ehtiyojlari uchun jami 296 ming 498 tonna atrofida boshoqli don topshirish rejalashtirilgan. Buning uchun don yetishtiruvchi xo‘jaliklar bilan viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi “Do‘stlikdonmahsulotlari” AJ, “Jizzaxdonmahsulotlari” AJ va “Zarbdor elevatori” AJlar bilan tegishli tartibda shartnomalar tuzilgan. Hozirda mazkur 3 ta yirik don qabul qilish maskanlari va ular tarkibidagi 12 ta shahobchalarga zahmatkash dexqonlar sa’y-harakatlari evaziga yetishtirgan hosilni qabul qilish ishlari davom etmoqda.
“O‘zagroinspeksiya” faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarga asosan mavsum oldidan viloyatdagi “O‘zdonmahsulot” AK tizimidagi don korxonalari va ular tarkibidagi 12 ta don qabul qilish shahobchalariga mavsumga taraddud yuzasidan 12 ta ko‘rsatmalar berilgan edi Natijada ushbu maskanlar to‘liq shay holatga keltirilishi ta’minlandi. Ayni kunlarda g‘alla o‘rim yig‘imi davom etayotgan bir paytda “O‘zagroinspeksiya”ning tuman bo‘limlari xodimlari qabul qilinayotgan g‘allaning sifatini laboratoriya tahlilidan o‘tkazish jarayonlari ustidan doimiy nazoratni amalga oshirib kelishmoqda.
Bugungi kunga qadar don korxonalari va ularning shahobchalariga jami 292 ming 876 tonnadan ziyod boshoqli don qabul qilindi.
Mana shunday dolzarb pallada qabul qilinayotgan donlarning sinov tahillariga alohida e’tibor qaratilib, Inspeksiya xodimlari nazorati ostida va fermer xo‘jaliklari ishtirokida belgilangan tartibda 326 ta qayta sinov tahlillari o‘tkazildi.
Shuningdek, xodimlar tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan don korxonalariga tegishli ko‘rsatmalar berilib, kamchiliklar bartaraf etildi.
E’tiborlisi, donni qayta ishlash faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan don korxonalari, ya’ni, “Do‘stlikdonmahsulotlari” AJ
va “Jizzaxdonmahsulotlari” AJlar qatorida “Zarbdor elevatori” AJ ham texnologik jihatdan yangilanmoqda.
Ushbu korxona bilan Turkiyaning “ORTAS DEGERMEN MAKINALARI IC VE DIS TIC LTD STI” korxonasi o‘rtasida 1 mln 120 ming AQSh dollari qiymatdagi shartnoma imzolanib, korxona sexiga sutkasiga
150 tonna bug‘doyni qayta ishlash quvvatiga ega yangi, zamonaviy tegirmon liniyasini o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Hozirda tegirmonning asosiy
hamda butlovchi qismlari korxonaga keltirilib, yaqin kunlarda uskuna va jihozlar ham turk mutaxassislari yordamida joyiga o‘rnatiladi. Bu esa bugungi global sharoitda aholini zarur mahsulotlar bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, qoramolchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar va fermer xo‘jaliklari hamda aholini aralash yem ozuqasi bilan yetarli darajada ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Respublikada zamonaviy sanoat usulida omuxta yem ishlab chiqarishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018 yil 27 apreldagi qarori ijrosi doirasida turk ishbilarmonlari bilan “Zarbdor elevatori” AJda omuxta yem ishlab chiqarish sexi ham barpo etiladigan bo‘ldi. Hozirgi kunda asosiy va butlovchi qismlar korxonaga olib kelingan. Bu yerda qiymati 760 ming AQSh dollarlik uskuna jihozlar o‘rnatilgach, ishlab chiqarish quvvati soatiga 5 tonnagacha yetadi. Pirovard natijada esa ish unumdorligi va mahsulotlar sifat ko‘rsatkichlari yaxshilanadi.