Ру Ўз O`z En

JIZZAX VILOYATIDA JORIY YILDA 4 MING 574 GEKTAR G‘O‘ZA MAYDONLARIDA TOMCHILATIB SUG‘ORISH TIZIMI YO‘LGA QO‘YILADI

17 Iyun 2020 2756

2020 yil 1 iyundagi "2020 yil yozgi sug‘orish mavsumida ekin maydonlarini suv bilan ishonchli ta’minlash va suv tanqisligining oldini olishga qaratilgan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi hukumat qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirlar viloyatning Paxtakor, Sh.Rashidov, Mirzacho‘l, Do‘stlik, Zafarobod, Arnasoy va Zarbdor tumanlarining g‘o‘za ekilgan maydonlarida o‘tkazildi.  

“O‘zagroinspeksiya” ning Jizzax viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari xodimlari, mahalliy hokimliklar, qishloq va suv xo‘jaligi tashkilotlari mutasaddilari, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari raislari, mutaxassislar va fermerlar jalb etilgan seminarda 2020 yil hosili uchun ekilgan g‘o‘za maydonlarini sug‘orishda agrotexnika usullariga rioya etgan holda to‘g‘ri tashkil etish, mavjud suv resurslaridan tejamli va oqilona foydalanish, sug‘orishdagi tejamkor usullar, bu borada qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar va uni joriy etishdagi kutilyotgan samaralar haqida ma’ruzalar qilindi.

Ta’kidlanganidek, joriy yil tumanlardagi 167 ta fermer xo‘jaliklari va paxta-to‘qimachilik klasterining jami 4 ming 574 gektar g‘o‘za maydonlarida tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qilish rejalashtirilgan. Uning loyiha qiymati 91 milliard 251 million so‘mni tashkil qiladi. Hozirda 24 milliard 690 million so‘mlik mablag‘ tijorat banki tomonidan moliyalashtirilgan. Natijada 129 ta fermer xo‘jaliklari va paxta-to‘qimachilik klasterining jami 3 ming 576 gektar g‘o‘za maydonlarida qurilish-montaj ishlari boshlab yuborilgan.

Shuningdek, joriy yilda 380 ta fermer xo‘jaliklarining 7 ming 600 gektar maydonlarida 380 ta ko‘chma egiluvchan quvurlar orqali sug‘orish tizimini joriy qilish belgilangan. Shu kunga qadar 166 ta fermer xo‘jaliklari bilan 861 million so‘mlik shartnomalar rasmiylashtirilgan. Bugungi kunda 78 komlekt ko‘chma egiluvchan quvurlar olib kelingan va quvurlar fermer xo‘jaliklariga tarqatilgan.

Seminarda suvning har tomchisidan tejab foydalanishni bugun davrning o‘zi taqozo qilayotganiga alohida e’tibor qaratildi. Global bir sharoitda suv tanqisligini yengib o‘tishning muhim choralari yuzasidan yig‘ilganlarga taklif va tavsiyalar berildi hamda bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.                                     

 

G‘. Shodiev, “O‘zagroinspeksiya” Jizzax viloyat boshqarmasi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslari va yerlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi bosh inspektori

 

 

Text to speech