Ру Ўз O`z En

Joriy yil hosili uchun Jizzax viloyatida 10 ming gektar maydonga soya ekiladi

29 Aprel 2021 2646

Soya ekini - o‘ziga xos xususiyatlari bilan boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlaridan ajralib turuvchi noyob o‘simlik turlaridan biri hisoblanadi. Uning doni tarkibida 50% oqsil, 28% gacha moy borligi olimlar tomonidan ilmiy isbotlangan bo‘lib, soyadan xalq xo‘jaligida 400 dan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Shuningdek, soyaning sanoatni rivojlantirishdagi roli nihoyatda katta hisoblanadi. Soyadan yog‘, sovun, lak-bo‘yoq, plyonka ishlab chiqarishda, kimyo, to‘qimachilik sanoatida keng foydalaniladi. Soya xashagi chorva molari uchun to‘yimli ozuqa hisoblanib, mahsulotning qiymatini yana-da oshirishga xizmat qiladi. Eng ahamiyatlisi, inson uchun zarur bo‘lgan oqsil moddalarninu 55 foizi ana shu o‘simlik turidan olinar ekan. Ehtimol, shu sabab u qimmatbaho o‘simliklar qatoriga kiritilgan.   

Taʼkidlash joizki, so‘nggi yillarda Respublikamizda noanʼanaviy qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish va yetishtirishga bo‘lgan eʼtibor kuchayib bormoqda. Statistik raqamlarga ko‘ra, 2017 yili ilk marotaba mamlakat bo‘ylab 12 ming gektardan ortiq maydonga soya ekilib, ushbu ekilgan maydonlardan 14 ming tonna soya doni yetishtirilib, xom ashyoni qayta ishlash hisobiga aholiga 2 ming tonnadan ortiq soya yog‘i, parrandachilik korxonalariga 10 ming tonna yuqori ozuqali soya shroti yetkazib berilgan. Biroq mamlakatimizning tuproq va iqlim sharoitini hisobga olinsa, yana-da ko‘proq natijalarga erishish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 martdagi «2017 - 2021 yillarda respublikada soya ekishni ko‘paytirish va soya dukkakli ekinlarini o‘stirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2832-son qarori qabul qilinib, tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha huquqiy asoslari belgilab berildi.

Joriy yilning 4 martida “Mavjud yer maydonlaridan samaradi foydalanish va 2021 yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilinib, unga asosan joriy yil hosili uchun viloyatda, asosiy maydonlarning 10 ming gektarida soya yetishtirish belgilab olindi.

Soya ekish ishlari viloyat tumanlarida allaqachon boshlab yuborilgan bo‘lib, mavsum davomidan bugungi kunga qadar jami 5003 gektar maydonga, 50 foiz ekish ishlari amalga oshirdi. Soya ekish ishlariga 90 dan ziyod yuqori unumli ekish seyalkalari jalb etilgan bo‘lib, ekish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli yakunlash bo‘yicha, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Jizzax viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan nazorat qilib borilmoqda.

-Don korxonalari va klasterlar, fermer xo‘jaliklari maydonlariga ekish uchun talab etiladigan urug‘liklarni o‘z vaqtida taʼminlab bermoqda, - deydi Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi bosh inspektori O‘.Qarshiboyev. - Soyaning “O‘ZBEK–6”, “PARVOZ”, “NAFIS”, “O‘ZBEK–2”, “DO‘STLIK”, “ORZU”, “BARAKA”, «OYJAMOL», «TO‘MARISMMAn-60», «USTOZ –MMAn-60» navlari mavjud bo‘lib,   bugungi kunda davlat reyestriga kiritilgan “Arlota”  R-1 navli urug‘ligi fermer xo‘jaliklariga yetkazib berilmoqda.

Soyadan tashqari, kunjut va kungaboqar o‘simliklarini ekish ishlari ham alohida eʼtiborga olingan. Kungaboqar o‘simligi ham jahonda eng ko‘p tarqalgan moyli ekinlar turlaridan sanaladi. Bugungi kunda viloyatda 2 ming 900 gektar maydonda kungaboqar va 835 gektar maydonda kunjut o‘simliklarini ekish rejalashtirilgan bo‘lib, mazkur maydonlarga ekilishi lozim bo‘lgan reja to‘liq bajarilishi taʼminlangan.

Moyli ekinlarning ekilishi birinchidan aholining asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab va ehtiyojini qondirishga yordam bersa, ikkinchidan narh-navolar tendensiyasining pasayishida muhim ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, sanoat uchun zarur bo‘lgan qimmatbaho xom-ashyoning barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi.

 

O‘zagroinspeksiyaning Jizzax viloyat boshqarmasi Axborot xizmati

Text to speech