Ру Ўз O`z En

Joriy yilda Samarqandda 155 gektardan ziyod iqtisodiy samarasiz bogʼlar buziladi

2 Fevral 2021 1969

Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 dekabrdagi “Iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bogʼ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish tartibi toʼgʼrisida”gi qarori ijrosini oʼz vaqtida va sifatli taʼminlash yuzasidan Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Kam hosil beruvchi, iqtisodiy jihatdan samarasiz bogʼ va tokzorlar oʼrnida intensiv bogʼ va tokzorlar barpo qilish yoki ularni haydaladigan yerlar toifasiga oʼtkazish hamda eksportbop boʼlgan serdaromad qishloq xoʼjaligi mahsulotlari yetishtirish choralari koʼrilmoqda. Viloyat inspektsiyasida tashkil etilgan ishchi guruh xulosasiga koʼra, yaroqsiz deb topilgan kam hosil beradigan bogʼ va tokzorlar oʼrnida intensiv bogʼ va tokzorlar barpo qilish boʼyicha barcha tuman inspektorlari tomonidan qatʼiy nazorat oʼrnatilmoqda.

Joriy yilda viloyatda iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beruvchi 155,5 gektar bogʼ buzilishi rejalashtirilib, shundan, 140,5 gektar iqtisodiy jihatdan samarasiz, 15 gektar yaroqsiz deb topilgan bogʼlar hisoblanadi. Jumladan, Pastdargʼom tumanida - 100 gektar, Kattaqoʼrgʼonda - 21,6 gektar va Bulungʼur tumanida - 15 gektar samarasiz bogʼlar buzilishi belgilangan.

Ushbu buzilgan bogʼlar oʼrnidagi maydonlar nima boʼladi, degan savol tugʼilishi tabiiy. Bu borada viloyatda 2021 yilga moʼljallangan loyihalar tasdiqlangan boʼlib, unga koʼra, iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beruvchi bogʼlar oʼrnida 130 gektar intensiv bogʼ va eksportbop mahsulotlarni koʼpaytirish borasida 3 gektar gilos, Kattaqoʼrgʼon tumanida 7 gektar maydonda yongʼoq va 5,7 gektar olcha, Qoʼshrabotda 7 gektar va Paxtachi tumanida 2,4 gektar mevasi eksportbop boʼlgan oʼrikzorlarni barpo etilishi rejalashtirilgan.

Muxtasar qilib aytganda, iqtisodiy jihatdan samarasiz boʼlgan bogʼlar oʼrnida, zamonaviy texnologiyalar asosida, intensiv bogʼlar barpo etiladi hamda ularning aksariyat qismida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish yuzasidan amaliy ishlar boshlab yuborilgan.

Bularning barchasi, kelgusida eksportbop va serdaromad qishloq xoʼjaligi mahsulotlari yetishtirish evaziga, aholining arzon va sifatli mahsulotlar bilan taʼminlashga xizmat qiladi.

“Oʼzagroinspektsiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi Аxborot xizmati

Text to speech