Chorvachilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish xalqimizning arzon va sifatli go‘sht hamda boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, ayniqsa, qishloq joylarida istiqomat qilayotgan fuqarolarning bandligini oshirish va daromadlarini ko‘paytirishda muhim o‘rin tutadi.
“O‘zagroinspeksiya”ning tuman bo‘limi xodimlari tomonidan xo‘jaliklarda hayvonlarni identifikatsiya qilish, ularni hisobga olish, hisobdan chiqarish va saqlash tartibini takomillashtirish, naslli mahsulot (material) bonitirovkasini o‘tkazish tartibi va shartlari to‘g‘risidagi hamda suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi to‘g‘risidagi huquqiy-normativ hujjatlar ijrosini taʼminlash, sohaga oid qonunchilikka amal qilinishi yuzasidan nazorat tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda.
Inspeksiyaning Karmana tumani Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish bosh mutaxassisi A. Ibragimov va chorvachilikda naslchilik ishini nazorat qilish bosh mutaxassisi N.Xudoyberdiyevlar tomonidan tumandagi naslchilik korxonasi NGMKga qarashli “Do‘stlik” agrofirmada o‘rganishlar olib borildi.
O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida, agrofirmada qonunbuzarlik yuzasidan ogohlantirish va ko‘rsatmalar berilishiga qaramasdan ushbu harakat takror sodir etganligi bo‘yicha firma zootexnigi Sh. Abdullinga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 198-modda 1-qismi bilan materiallar Karmana tuman sudiga yuborildi.
Jumladan, Hukumatning 2013-yil 19-martdagi “O‘zbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi to‘g‘risida”gi nizomni tasdiqlash haqidagi 82-sonli qarori ijrosi yuzasidan Navoiy Kon metallurgiyasi kombinati tasarrufdagi “Do‘stlik” agrofirmasi bosh mutaxassisi U.Narziyevga nisbatan o‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondoshganligi sababli Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 74-moddasi bilan maʼmuriy jarima qo‘llanildi hamda suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilari tomonidan suvni o‘zboshimchalik bilan egallab olinganlik uchun olingan har bir ming kub metr suv uchun belgilangan eng kam oylik ish haqining 30 foizi yaʼni 6 million 39 ming so‘m miqdorida jarima sanksiyalari qo‘llanilib, o‘z vaqtida undirilishi taʼminlandi.
D. Rashidova, “O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyati boshqarmasi