Xalqimizda “To‘qsonda eksang, to‘qson botmon hosil olasan”, degan gap bor. Bu naql bejiz aytilmagan, negaki mutaxassislarning ta’kidlashicha, kuzda ekilib, qor ostida qoldirilgan sabzavot ekinlari urug‘lari erta ko‘klamda yerdan juda barvaqt unib chiqib, tez rivojlanishi hisobiga erta hosil beradi. Erta bahorda esa mahsulotning bozori chaqqon bo‘lishi sir emas. Barcha uchun sinovli kelgan 2020 yilda pandemiya sharoitida oziq-ovqat, meva-sabzavotlar bilan ta’minlash har galgiga nisbatan dolzarb bo‘lib turibdi.
Shu maqsadda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 21 sentabrdagi01-03/1-234-son yig‘ilish bayoni ijrosi yuzasidan, viloyat aholisini bahor oylarida ertangi sabzavot mahsulotlari bilan ta’minlash, ichki bozorlarda narx-navolar barqarorligini saqlash hamda ertangi eksport mahsulotlarini yetishtirish masalalariga Namangan viloyatida ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yil sentabr va oktabr oylarida piyoz va sarimsoqpiyoz ekinlarini hamda noyabr va dekabr oylarida “to‘qsonbosti” usulida sabzavot ekinlarining yuqori hosilli navlarini qisqa muddatlarda ekish va agrotexnik tadbirlarni o‘z muddatlarida amalga oshirish va ularga talab etiladigan moddiy texnika resurslarini o‘z vaqtida yetkazib berish yuzasidan Namangan viloyati hokimining qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, viloyat bo‘yicha fermer xo‘jaliklarida jami 12 ming 930 gektar maydonga 2021 yil hosili uchun piyoz, sarimsoqpiyoz hamda sabzavot- rezavor ekinlar ekilishi rejalashtirilgan.
Joriy yil 10 oktabr holatiga bu ko‘rsatkich tahlil qilinganda avgust-sentabr oylariga belgilangan 3 ming 476 gektar maydonning 3 ming 380 gektariga belgilangan ekinlar ekilgan. Ayni paytda oktabr-noyabr oylarida ekilishi rejalashtirilgan sabzavot va rezavorlar ekilishi bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat bo‘yicha fermer xo‘jaliklari, aholi tomorqalarini ham qo‘shib hisoblaganda jami 24 ming 631 gektar maydonga to‘qsonbosti usulida ekin joylashtiriladi.
Ushbu maydonlarda 252,9 ming tonna mahsulotlar yetishtirilib, shundan piyoz 104 ming tonna, sarimsoqpiyoz 19 ming tonna, sabzi 40 ming tonna, osh lavlagi 21 ming tonna, ko‘katlar 20 ming tonna va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari 36 ming tonnani tashkil etadi.
Yetishtirilgan mahsulotlardan 26 ming tonnasi eksportga yo‘naltirilsa, 226 ming tonnasi ichki iste’mol bozorlariga yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Bu o‘z o‘rnida bozorlarda narh-navo barqarorligini ta’minlash barobarida aholi va fermer xo‘jaliklari daromadining ortishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
N.Isomitdinov, “O‘zagroinspeksiya” Namangan viloyat boshqarmasining qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish va urug‘ bilan ta’minlash ustidan nazorat bo‘limi bosh inspektori