Maʼlumki, mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi murosasiz kurashishning ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan tizimini joriy etish bo‘yicha izchil choralar ko‘rilmoqda. Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni taʼminlash hamda mansabdor shaxslarning aholi oldidagi hisobdorligini yo‘lga qo‘yish orqali davlat boshqaruvida samarali va taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Jumladan, Inspeksiya tizimida Korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaviy holatlarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish, ushbu jarayonga jamoatchilikni keng jalb etish va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini shakllantirish maqsadida, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni va ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimlari - Foydalanish bo‘yicha xalqaro talablar va tavsiyalar” xalqaro standarti talablari va tavsiyalariga asosan “O‘zagroinspeksiya” tizimida va xodimlari faoliyatida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik va bu borada samarali tizimni shakllantirish maqsadida 15 ta chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan Inspeksiyaning 2021 yilda korrupsiyaga qarshi-kurashish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarining “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Inspeksiya boshlig‘ining 2021 - yil 12 - fevraldagi ““O‘zagroinspeksiya” tizimida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan asosiy talablar va tamoyillarni belgilash to‘g‘risida”gi S-4-son buyrug‘i bilan:
Inspeksiyaning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati;
Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalariga kiritish uchun korrupsiyaga qarshi qoidalarning mazmuni bo‘yicha asosiy shartlar;
Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan kontragentlar bilan tuziladigan shartnomalarga kiritish uchun korrupsiyaga qarshi qoidalarning mazmuni bo‘yicha asosiy shartlar;
Inspeksiyaning korrupsiyaga oid harakatlar to‘g‘risida axborot berish uchun aloqa kanallari orqali kelib tushgan xabarlarni qabul qilish va qayta ishlash reglamenti;
Inspeksiyada korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining holati haqidagi hisobotni shakllantirish va taqdim etish reglamenti;
Inspeksiyasi tizimida manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish to‘g‘risidagi nizom;
Inspeksiya tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uslubiyoti;
Inspeksiya tizimi xodimlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish yuzasidan uslubiy ko‘rsatmalar;
Inspeksiya tizimida korrupsiyaga qarshi tamoyillar va talablarga rioya qilinishini monitoring va nazorat qilish uslubiyoti tasdiqlanib, ijroga qaratildi.
Inspeksiya va tizim idoralariga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarishga qodir bo‘lgan yuqori malakali xodimlar bilan taʼminlash, ularni joy-joyiga qo‘yish, malakasini oshirish va kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda ular bilan ishlash, boshqarish va nazorat qilish bo‘yicha HR-menejment tizimini tartibga soluvchi idoraviy hujjat ishlab chiqildi. Inspeksiyada kadrlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi tasdiqlandi, onlayn efirga uzatishga mo‘ljallangan alohida xona ajratilib, jihozlandi va bu sohada masʼul xodimlarning malakasi oshirildi.
Xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy bilimlarini yana-da oshirish maqsadida esa Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish va uning ehtimoliy oqibatlarini kamaytirish maqsadida o‘rnatilgan cheklovlarga muvofiq har turli yig‘ilishlarni o‘tkazish vaqtincha to‘xtatilganligi sababli:
“Korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi asosiy tushunchalar, unga qarshi kurashish tarixi va asosiy yondashuvlar”;
“Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari”;
“Transparency International” Xalqaro nodavlat Tashkilotining “Korrupsiyani idrok etish indeksi”da O‘zbekiston o‘rnini yaxshilash masalalari”;
“korrupsiyaviy xavf-xatarlar, korrupsiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirish masalalari”;
“Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida komplayens nazorat tizimining o‘rni va ahamiyati”;
“Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari” mavzulari bo‘yicha tayyorlangan taqdimot materiallari xodimlar tomonidan mustaqil ravishda o‘qib o‘rganilishi taʼminlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi vazifasi va ichki nazorat Inspeksiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar boshqarmalari hamda “Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazi” DUKning Kadrlar sohasiga masʼul xodimi zimmasiga yuklatilib, quyidagilar:
xodimlar faoliyatida korrupsiyaviy huquqbuzarliklarga murosasizlik va ularni sodir etishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha barcha zarur chora-tadbirlarni belgilash;
xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalariga, xodim mehnat shartnomasi bo‘yicha o‘z xizmat vazifalarini bajarayotganda, korrupsiyaviy hatti-harakatlarda qatnashmaslik, shu jumladan g‘ayriqonuniy imtiyozlarni olish yoki boshqacha tarzda g‘ayriqonuniy maqsadlarda o‘zining yoki boshqa shaxslarning harakatlari yoki qarorlariga taʼsir qilish uchun pul mablag‘lari yoki boshqa qimmatliklar ko‘rinishida pora taklif qilmaslik, vaʼda bermaslik, pul tulamaslik, tovlamachilik qilmaslik, bevosita yoki bilvosita pora olishga rozilik bermaslik va pora olmaslik, biron-bir shaxs foydasiga yoki biron bir shaxs xizmatlaridan foydalanmaslik, mol-mulk yoki mulkiy huquqlarni olmaslik, shuningdek o‘z vakolatlarini suiisteʼmol qilmaslik majburiyatini olish bo‘yicha o‘zgartirish kiritish;
kontragentlar bilan tuziladigan shartnomalarga, taraflar shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarayotganda O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining talablariga zid keladigan har qanday harakatlarni amalga oshirmaydilar, shu jumladan, pora berishni taklif qilmaydi, vaʼda bermaydi, tovlamachilik qilmaydi, pora sifatida pul to‘lamaydi, bevosita yoki bilvosita pora olishga rozilik bermaydi yoki pora, yaʼni Inspeksiya xodimi o‘z xizmat majburiyatlaridan foydalangan holda pora bergan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab muayyan harakatlarni sodir etishi yoki sodir etmasligi shartligi yoki mumkinligi uchun moddiy qimmatliklarni yoki mulkiy naf olmasligi, taraflar ushbu harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rilishiga kafolat berishi kabi shartlarni kiritish;
korrupsiyaga oid harakatlar haqida axborot berish uchun o‘zining aloqa kanallari ishlashini, shuningdek, xabarlarni qabul qilish, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish va kelib tushgan xabarlarga o‘z vaqtida munosabat bildirish choralarini ko‘rish;
faoliyatda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni oldini olish va ularni sodir etishga olib kelishi mumkin bo‘lgan sabablarni bartaraf etish, xodimlarning huquqiy bilimlarini oshirib borish va ularni qonun hujjatlariga hamda Inspeksiya ichki hujjatlariga qatʼiy rioya etishini taʼminlash;
tizimda korrupsiyaga qarshi tamoyillar va talablarga rioya qilinishini doimiy monitoring va nazorat qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Inspeksiya tizimida korrupsiya holati va omillari, shuningdek, ishni to‘g‘ri tashkil etish, rahbarlarning xodimlar bilan munosabati yuzasidan xodimlarning fikrini o‘rganish uchun anonim so‘rovnoma o‘tkazildi va bir qator ustuvor hamda istiqbolli vazifalarni amalda hal qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rildi. Xususan:
- ijro uchun yuborilayotgan hujjatlarning mazmuni va ahamiyatini mansabdor shaxslar tomonidan yetarli darajada o‘rganilishi hamda xodimlarga tushuntirilishi;
- ijro uchun yuborilgan hujjatlar ijrosini samarali tashkil etish, ularda belgilangan maqsadlarga erishishni so‘zsiz taʼminlash bo‘yicha barcha darajadagi rahbarlar va xodimlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish;
- tekshirishlar o‘tkazish vaqtida va xizmat safarlari davomida xodimlar tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olish;
bunda:
tekshirish obyektiga rahbarini xabardor qilmasdan bormaslik;
tekshirish o‘tkazilayotgan tashkilot xodimlarini qonun hujjatlari normalarini noto‘g‘ri talqin qilish va maʼlum bo‘lgan faktlarni huquqni muhofaza qilish organlariga topshirish bilan qo‘rqitmaslik;
o‘zining tekshirish sohasi bo‘yicha guruh rahbarini nazorat tadbirining borishi haqida xabardor qilib borish;
tekshirish o‘tkazilayotgan tashkilot xodimlariga do‘q-po‘pisa qilmaslik;
tekshirish predmeti bo‘lmagan masalalarni ko‘rmaslik, hujjatlarni talab qilmaslik;
tekshirish vaqtini o‘rganilayotgan tashkilot ish vaqti bilan muvofiqlashtirish;
tekshirish davomida aniqlangan har bir qonunbuzilishi holatiga qonun hujjatlari nuqtai nazaridan va huquqiy baho berish;
tekshirish davomida xizmat vazifasi bilan bog‘liq bo‘lmagan ish bilan shug‘ullanmaslik, mansabidan shaxsiy yoki boshqa shaxslar va tashkilotlarning manfaatlarini himoya qilish uchun g‘arazli maqsadlarda foydalanmaslik;
tekshirish o‘tkazilayotgan tashkilot xodimlari tomonidan har qanday ko‘rinishdagi moddiy boyliklar, mulkiy mohiyatga molik bo‘lgan xizmatlar taklif qilinganda, o‘rganish guruhi rahbariga zudlik bilan xabar berish;
tekshirish yakunlari bo‘yicha tuzilgan dalolatnomalarni tekshirish yakunlangan kunning o‘zida imzolash choralarini ko‘rish;
tekshirish o‘tkazilayotgan tashkilot xodimlari bilan xolis, prinsipial va qonun hujjatlari talablaridan kelib chiqib muomala qilish;
tovlamachilik va shu kabi boshqa salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik;
- Inspeksiya xodimlari xizmat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holatlarda bevosita tekshirish o‘tkazilayotgan tashkilotlar xodimlari bilan, shuningdek, xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgan Inspeksiya xodimi bilan birga umumiy ovqatlanish (restoran, bar, kafe, choyxona va boshqalar) hamda ko‘ngilochar joylarga birga borishini taqiqlash;
- xodimlar bilan huquqbuzarliklarni oldini olish bo‘yicha profilaktik suhbatlar o‘tkazish;
- xodimlar tomonidan Inspeksiya xodimlarining odob-axloq qoidalariga, korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatiga, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish to‘g‘risidagi nizomga, Ichki mehnat tartibi qoidalariga va boshqa korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tasdiqlangan qoidalarga rioya qilishlari bo‘yicha choralar ko‘rish.
Xulosa qilib aytganda – qabul qilingan ichki meʼyoriy hujjatlar, chora-tadbirlar, topshiriq va ko‘rsatmalar Inspeksiyaning yuqori axloqiy meʼyorlarga sodiqligini, shuningdek, tizim xodimlari faoliyatida korrupsiyaviy huquqbuzarliklarga murosasizlik va ularni sodir etishga yo‘l qo‘ymaslik maqsad qilingan. Shu bilan birga, korrupsiyani tubdan yo‘qotishga erishish, xodimlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, korrupsiyaga nisbatan toqatsiz munosabatni shakllantirish, faoliyatning barcha sohalarida korrupsiyani oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, barham berish, oqibatlari, ularga olib keluvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi tamoyilini taʼminlashga qaratilgan.
A.Ochilov, "O‘zagroinspeksiya"ning Huquqiy taʼminlash va xalqaro-huquqiy munosabatlar bo‘limi bosh inspektori