Ру Ўз O`z En

LАLMIKOR MАYDONLАRGА EKILIShI BELGILАNGАN NАVLАR, ULАRNING TАVSIFI VА АGROTEXNIK TАDBIRLАR

28 Oktyabr 2020 9768

Lalmikor dehqonchilik sugʼorilmaydigan yerlardan foydalanish tizimidir. Respublikada lalmikor dehqonchilik bilan tekislik, qir-adirlik, togʼoldi va togʼ etaklaridagi yon bagʼirliklarda shugʼullaniladi. Qadimdan mamlakatimizning lalmikor yerlarida bugʼdoy va arpa yetishtirilgan.

Boshoqli don ekinlari oziq-ovqat sanoatida koʼp ishlatilishi va boshqa ekinlarga nisbatan barqaror hosil berishini hisobga olib respublikamizning tabiiy iqlim sharoitiga kelib chiqqan holda lalmi maydonlarda yetishtiriladigan donning asosiy salmogʼini yumshoq bugʼdoy navlari tashkil qiladi.

Tabiiyki, gʼalla ekinlari navlarining toʼgʼri tanlash, joylashtirish va agrotexnikasiga qatʼiy rioya qilgan holda sifatli urugʼlardan foydalanilsa yuqori hosildorlikga eshiriladi. Аksincha, navlar notoʼgʼri tanlanib ekish uchun sifatsiz urugʼdan foydalanilsa hosildorlikning 30-40% va undan ham yuqori hosilni yoʼqotish mumkin.

Shu sababli, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8 sentyabrdagi “2021 yilda boshoqli don yetishtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida” gi 546-son qaroriga asosan Respublika hududlarining 185 ming 795 gektar lalmikor maydonlariga 2021 yil hosili uchun serhosil, sifat koʼrsatkichlari yuqori boʼlgan kuzgi boshoqli don ekinlarini navlar boʼyicha joylashtirishning prognoz koʼrsatkichlariga belgilangan.

Lalmikor maydonlarda gʼallaning agrotexnik tadbirlari

Ekish muddati. Kuzgi bugʼdoyning optimal ekish muddati mintaqalarining geografik joylashishiga, kuzgi ob-havo sharoitiga bogʼliq boʼlib lalmikorlikning togʼoldi va togʼli, nam bilan taʼminlangan mintaqalarida optimal ekish muddati sentyabrь oyining ikkinchi yarmi va oktyabrь oyining birinchi oʼn kunligiga, qir-adirlik va tekislik mintaqalarida noyabrь oyining birinchi oʼn kunligiga va hatto dekabrda oylariga ham toʼgʼri keladi. Urugʼlarni erta kuzda qurib qolgan tuproqqa ekish yaxshi natija bermaydi. Shuning uchun kuzgi bugʼdoy mintaqa ob-havo sharoitiga qarab yogʼingarchiliklar yaqinlashib qolganda yoki yogʼingarchiliklardan keyin ekilsa yaxshi samara beradi.

Ekish meʼyori. Hozirgi paytda lalmikorlikda mintaqalar boʼyicha kuzgi bugʼdoy urugʼlarini ekish meʼyorlari tekislik mintaqasida gektariga 2,0 mln. dona (85-90 kg/ga), qir-adirlik mintaqasida gektariga 2,5 mln. (100-110 kg/ga), togʼoldi mintaqasida gektariga 2,5-3,0 mln. (110-120 kg/ga), togʼli mintaqasida gektariga 3,0-3,5 mln. (120 kg/ga va undan yuqori) dona unuvchan urugʼ hisobida belgilangan.

Urugʼlarni ekish chuqurligi. Lalmikorlikda kuzgi yumshoq bugʼdoy urugʼlari 3-7 sm gacha chuqurlikda ekiladi. Urugʼlar juda chuqur ekilsa, urugʼning boʼrtishi va unib chiqishi uchun nam yetishmaydi, mogʼor zamburugʼi bilan zararlanadi, unuvchanligi pasayadi va hosildorlik kamayadi. Urugʼlarni koʼmish chuqurligi urugʼlikning yirikligiga, ekish muddatiga, oʼtmishdoshga, tuproqning namligiga yetishtiradigan mintaqaga bogʼliq boʼladi.

Kuzgi bugʼdoy kechki muddatlarda, noyabr-dekabr oylarida, tuproqda yetarli nam boʼlganda hamda toza shudgorga urugʼlarni 5-6 sm chuqurlikka ekish mumkin. Togʼli mintaqada urugʼlar 5-7 sm chuqurlikka ekiladi.

Gʼalla ekinlarini oziqlantirish. Lalmikor maydonlarda boshoqli don ekinlarini ularning biologik xususiyatlarini, tuproq unumdorligini va ob-havo sharoitlarini hisobga olgan holda oziqlantirish har bir gektardan qoʼshimcha 3-5 sentner va undan ham koʼproq hosil yetishtirishni taʼminlaydi.

Lalmikor yerlarda mineral oʼgʼitlarini qoʼllashning maqbul yillik meʼyori nam bilan yarim taʼminlangan hududlarda fosfor sof holda 40 kg/ga, togʼoldi va togʼli mintaqalarda bu meʼyor tegishlicha 50 kg/ga ni, azotli oʼgʼitlar meʼyori esa 60 kg/ga ni tashkil etishi lozim. Bundan tashqari yogʼingarchilik kam boʼlgan yillari gʼalla maydonlarini suspenziya bilan oziqlantirish ham hosildorlikning sezilarli oshishiga olib keladi.

Shuni taʼkidlash lozimki, yogʼin-sochin bilan taʼminlamagan tekislik lalmikor hududlarda aksariyat yillarda oziqlantirish kutilgan natijani bermaydi. Bu maydonlarda yogʼingarchilik miqdori 300-350 mm ni tashkil etgan yillardagina kuzgi gʼalla ekinlarini taʼsir etuvchi modda hisobida (sof holda) fosforli oʼgʼitlar gektariga 60 kg, azotli oʼgʼitlar esa 60-90 kg (karbamid va ammiakli selitra holida) miqdorda oziqlantirish maqsadga muvofiq boʼladi. Lalmikor maydonlarda mineral va mahalliy oʼgʼitlarning samaradorligi tuproq unumdorligi, uning yuvilganlik darajasiga va yogʼin-sochin miqdoriga bogʼliq.

Oʼsimliklarni himoya qilish. Lalmikor maydonlarda begona oʼtlarni kamaytirishda, tuproqdagi namlikni saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega agrotexnologik tadbirlardan biri boronalashdir. Bu tadbirni yogʼin-sochin kam boʼladigan quyi lalmikor yerlarda mart, yarim taʼminlangan qir-adirlik maydonlarda mart-aprel, togʼoldi yerlarda esa may oyining birinchi oʼn kunligida bajarish lozim.

Kasalliklari. Yumshoq bugʼdoyning qattiq qorakuya, chang qorakuya, sariq zang, qoʼngʼir zang, ildiz chirish, un shudring va septorioz kasalliklari eng zararli hisoblanadi.

Oʼzbekistonda zamburugʼli kasalliklar (zang, unshudring, qorakuya) gʼalla ekinlarining hosildorligi va sifatini pasaytiruvchi asosiy sabablardan biri hisoblanadi. Zamburugʼli kasalliklar bugʼdoy oʼsimliklarida hosilning 30% va undan ortiq yoʼqotilishiga sabab boʼladi. Markaziy Osiyoda yumshoq bugʼdoy oʼsimligi asosan, sariq zang (Puccinia striiformis West f. sp. tritisi et Henn) va qoʼngʼir zang (Puccinia recondita f. sp. tritici ) kasalliklari bilan koʼproq zararlanadi.

Yogʼingarchilik koʼp boʼlgan yillari sariq va qoʼngʼir zang kasalliklari keng tarqalib, yumshoq bugʼdoy oʼsimligini kuchli zararlaydi. Lalmikorlikning togʼoldi va togʼli mintaqalarida ekiladigan yumshoq bugʼdoy navlarining ayrim yillari sariq zang kasalligi bilan zararlanishi 60-90% gacha yetgan, bu don hosildorligining 30-50% va undan koʼp yoʼqolishiga olib kelgan.

Shu sababli, nam bilan taʼminlanmagan tekislik va yarim taʼminlangan qir-adirlik mintaqalarda ekish uchun yumshoq bugʼdoyning Tezpishar, Koʼkbuloq, Sanzar-6, Oq bugʼdoy, Krasnovodapadskaya-210, Baxmal-97 navlari, togʼoldi va togʼli mintaqalarda ekish uchun yumshoq bugʼdoyning Istiqlol-6, Baxmal-97, Soʼgʼdiyona, Oq bugʼdoy, Surxak-5688 va boshqa navlar tavsiya etiladi.

 

Lalmikor maydonlarda ekiladigan kuzgi yumshoq bugʼdoy

navlarning agrobiologik tavsifi

«Tezpishar» navi - Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti Gʼallaorol ilmiy-tajriba stantsiyasida Bezostaya-I x Grekum-646 navlaridan chatishtirib olingan durugay kombinatsiyasidan yakka tanlash yoʼli bilan yaratilgan.

Biologik tavsifi. Nav eritrospermum (Erythrospermum) tur xiliga mansub, biologik hayot tarzi yarim kuzgi. Boshogʼi qiltiqli, silindrik shaklda, boshoq uchki qismi biroz toraygan, oʼrtacha boshoq uzunligi (8-10 sm), boshoq rangi oq, tuksiz, boshoqchalar zich joylashgan, boshoqdagi qiltiq oʼrtacha tarqoq, dagʼal, tarvaqaylanmagan, qiltiq uzunligi boshoq bilan teng yoki biroz kalta, toʼkilmaydi, don yanchilishi oʼrtacha. Boshoq qipigʼi uzunchoq tuxumsimon, tuksiz, yelkasi toʼgʼri.

Doni oval, tuxumsimon shaklda, oʼrtacha yiriklikda, dondagi chuqurcha botiq emas, yaltiroq. Doni qizil rangda, pishib yetilgach toʼkilishga moyil emas. 1000 dona don vazni 35-42 g, don hajmi 815 g/l ni tashkil etadi.

Аgrobiologik tavsifi. Oʼsimlik boʼyi 90-115 sm, tik oʼsuvchi, yotib qolishga chidamliligi 4,5-5,0 ball, sovuqqa va issiqqa chidamli, tezpishar nav. Qoʼngʼir zang va chang qorakuya kasalliklariga chidamli, sariq zang va qattiq qorakuya kasalligiga oʼrtacha chidamli.

Un va non texnologik koʼrsatkichlari 4,1 ball, qimmatbaho navga mansub, turli lalmi mintaqalarda hosildorligi oʼrtacha 15,0 s/ga, eng yuqori hosildorlik 31,5 s/ga ni tashkil etadi. Lalmikorlikning tekislik va qir-adirlik mintaqalari uchun moslashgan.

Ekish muddati va meʼyori. Ob-havoning oʼzgarishiga qarab oktyabrь-fevralь oylarida ekiladi. Tekislik va qir-adirlik mintaqalar uchun gektariga 2,5 mln. dona unuvchan urugʼ hisobida.

Oziqlantirish. Ekish oldidan gektariga sof holda 40-45 kg fosforli, azotli oʼgʼit bilan bahorgi oziqlantirishning maqbul muddati fevral oyining oxiri, mart oyining birinchi oʼn kunligi boʼlib, 40-50 kg/ga meʼyorda oʼgʼitlanishi zarur.

«Tezpishar» navi respublikaning Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo va Samarqand viloyatlari lalmikor maydonlarining tekislik va qir-adirlik mintaqalari uchun 1980 yilda rayonlashtirilgan.

«Sanzar-6» navi - Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti Gʼallaorol ilmiy-tajriba stantsiyasida Аmerikadan keltirilgan «Red-River-68» x «Rannaya-12» navi bilan chatishtirib olingan duragaydan yakka tanlash yoʼli bilan yaratilgan.

Biologik tavsifi. Tur xili Eritrospermum (Erythrospermum). Biologik hayot tarzi yarim kuzgi. Boshogʼi oq rangda, qiltiqli, qiltigʼi biroz tarqoq, prizmasimon, uzunligi 9-11 sm, boshoqchalari oʼrtacha zich joylashgan, tuksiz, qiltiqlari uzunligi 5-6 sm. Doni qizil, tuxumsimon, choʼzinchoq, yirik, don ariqchasi oʼrtacha chuqurlikda, yaltiroq, 1000 dona don vazni 37-50 g. Don hajmi 812-829 g/l, don tarkibida oqsil miqdori 15,3% ni tashkil etadi. Kleykovina miqdori 32,9%, non yopilishining umumiy sifat bahosi 4,2 ball ni tashkil etadi.

Аgrobiologik tavsifi. Oʼsimlikning boʼyi 85-100 sm, poyasi mustahkam, yotib qolishga chidamli, sariq zang kasalligiga oʼrtacha chidamli, qattiq qora kuya va chang qorakuya kasalliklariga, sovuqqa va qurgʼoqchilikka bardoshli. Hosildorligi oʼrtacha 21,0-25,0 s/ga. Eng yuqori hosildorligi 31,5 s/ga ni tashkil etadi.

Ekish muddati va meʼyori. Maqbul ekish muddati oktyabr oyining birinchi va ikkinchi oʼn kunligi hisoblanadi. Gektariga 3,0-3,5 mln. dona unuvchan urugʼ hisobida ekiladi.

Oziqlantirish. Ekish oldidan gektariga sof holda qir-adirlik mintaqasida 40-45 kg/ga, togʼoldi va togʼli mintaqalarda 50-55 kg/ga fosforli oʼgʼitlar berilishi zarur. Аzotli oʼgʼit bilan bahorgi oziqlantirish qir-adirlik mintaqada fevral oyining oxiri, mart oyining birinchi oʼn kunligida 40 kg/ga meʼyorda, togʼoldi, togʼli mintaqalarda aprel-may oylarida 50 ga/kg meʼyorda berilishi zarur.

«Sanzar-6» navi respublikaning Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlari boʼyicha lalmikor maydonlarda kuzgi muddatlarda ekish uchun 1991 yildan boshlab Qishloq xoʼjalik ekinlari Davlat reestriga kiritilgan.

«Oq bugʼdoy» navi - Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti Gʼallaorol ilmiy-tajriba stantsiyasida Qizil-Sharq x Verld Sidz-1877 navlarining chatishtirib olingan duragay kombinatsiyasidan yakka tanlash usuli bilan yaratilgan.

Biologik tavsifi. Tur xili grekum (greacum), biologik hayot tarzi duvarak (ikki faslli). Boshogʼi oq, tuksiz, boshoq uzunligi 12-15 sm, ovalsimon, qiltiqli, rangi oq, dagʼal, qiltigʼi tarvaqaylagan, boshoqqa nisbatan teng yoki uzun, boshoqchalar qipigʼi ovalsimon, yelkali, chiziqchalari aniq koʼrinadi, boshoqchasidagi qipiq tishchalari uzun, doni oq sariq rangda, yirik, 1000 dona don vazni 45,3-51,4 g, don hajm ogʼirligi 795 g/l ni tashkil etadi, oʼrtapishar nav, boshogʼi qiyin maydalanadi.

Аgrobiologik tavsifi. Yotib qolishga, qurgʼoqchilikka chidamli, sovuqqa, issiqqa oʼrtacha chidamli. Sariq, qoʼngʼir zang va qattiq qorakuya kasalliklari bilan kuchsiz zararlanadi. Uni yuqori sifatli, nonbop, doninnng tarkibida 14-18% oqsil, 28-41% kleykovina mavjud, doni shishasimon yaltiroq. Lalmikor maydonlarda kuzda ekilganda 17-25 s/ga, bahor oylarida ekilganda 12-15 s/ga hosil beradi.

Ekish muddati va meʼyori. Kuzda oktyabrning ikkinchi, bahorda fevraling uchinchi oʼn kunliklarida ekish tavsiya qilinadi. Kuzda qir-adir mintaqasi uchun gektariga 2,5 mln., togʼoldi va togʼli mintaqalar uchun 3,0 mln., bahorda 2 mln. dona unuvchan urugʼ hisoblanadi.

Oziqlantirish. Ekish oldidan gektariga sof holda qir-adirlik mintaqasida 40-45 kg/ga, togʼoldi va togʼli mintaqalarda 50-55 kg/ga fosforli oʼgʼitlar berilishi zarur. Аzotli oʼgʼit bilan bahorgi oziqlantirish qir-adirlik mintaqada fevral oyining oxiri, mart oyining birinchi oʼn kunligida 40 kg/ga meʼyorda, togʼoldi, togʼli mintaqalarda aprel-may oylarida 50 ga/kg meʼyorda berilishi zarur.

«Oq bugʼdoy» navi respublikaning Jizzax, Samarqand viloyatlari boʼyicha togʼoldi va togʼli lalmikor mintaqalariga ekish uchun 1993 yildan boshlab Qishloq xoʼjalik ekinlari Davlat reestriga kiritilgan.

«Koʼkbuloq» navi - Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti Gʼallaorol ilmiy-tajriba stantsiyasida Qizil Sharq x K-44395 Meksika nav namunasini oʼzaro chatishtirib olingan duragay kombinatsiyasidan yakka tanlash yoʼli bilan yaratilgan.

Biologik tavsifi. Tur xili Eritrospermum (Erythrospermum). Biologik hayot tarzi kuzgi. Oʼrtapishar. Boshogʼi ovalsimon, oq rangda, qiltiqli, tarvaqaylagan, boshoq uzunligi 10-11 sm, boshoqchalar oʼrtacha joylashgan, boshoq qipigʼi ovalsimon, yelkasi bir oz koʼtarilgan, tuksiz, qipiq tishchasi 1,5-2 mm ni tashkil etadi, doni qizil, don ariqchasi chuqur emas, yaltiroq, 1000 dona don vazni 42-43 g, don hajmi 725 g/l ni tashkil etadi. Don tarkibidagi oqsil miqdori 13-14%, kleykovina miqdori 32-34% ni tashkil etadi.

Аgrobiologik tavsifi. Oʼsimlik boʼyi 115-120 sm. Poyasi mustahkam, tik, yotib qolishga, sovuqqa, qurgʼoqchilikka chidamli, toʼkiluvchan emas. Boshoq qiyin maydalanadi, Sariq va qoʼngir zangga bardoshli. Qattiq qorakuyaga oʼrtacha bardoshli. Hosildorligi oʼrtacha 20-25 s/ga ni tashkil etadi.

Ekish muddati va meʼyori. Kuzda oktyabr oyining ikkinchi oʼn kunligi maqbul hisoblanadi. Gektariga 2,5-3,0 mln. dona unuvchan urugʼ xisoblanadi.

Oziqlantirish. Ekish oldidan gektariga sof holda qir-adirlik mintaqasida 40-45 kg/ga, togʼoldi va togʼli mintaqalarda 50-55 kg/ga fosforli oʼgʼitlar berilishi zarur. Аzotli oʼgʼit bilan bahorgi oziqlantirish qir-adirlik mintaqada fevral oyining oxiri, mart oyining birinchi oʼn kunligida 40 kg/ga meʼyorda, togʼoldi, togʼli mintaqalarda aprel-may oylarida 50 kg/ga meʼyorda berilishi zarur.

«Koʼkbuloq» navi - Jizzax, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarining lalmikor maydonlarida ekish uchun 2001 yilda qishloq xoʼjalik ekinlari Davlat reestriga kiritilgan.

«Baxmal-97» navi - Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti Gʼallaorol ilmiy-tajriba stantsiyasida Surxak-5688 va IKАRDА xalqaro markazi nav namunasini oʼzaro chatishtirib olingan duragay kombinatsiyasidan yakka tanlash yoʼli bilan yaratilgan.

Biologik tavsifi. Tur xili Eritrospermum (Erythrospermum). Biologik hayot tarzi duvarak (ikki faslli). Boshogʼi kuchsiz silindirsimon, boshoq oxiriga borib biroz toraygan, qiltiqli oʼrtacha tarvaqaylangan, boshogʼi tuksiz, boshoq uzunligi 12-14 sm, oʼrtacha zichlikda (10 sm boshoq oʼzagida 18-19 ta boshoqcha joylashgan). Boshoq qipigʼi tuxumsimon, uzunligi 12-13 mm, eni 4-5 mm, qipiq chiziqlari aniq, yelkasi toʼgʼri biroz koʼtarilgan. Doni qizil, uzunchoq shaklda, yirik, don ariqchasi chuqur emas, yaltiroqligi 83-94 %, toʼkilmaydi, yengil maydalanadi.

1000 dona don vazni 44-48 g. Don hajmi 788-795 gr/l, don tarkibida oqsil miqdori 12,0-12,5 %, kleykovina miqdori 30% ni tashkil etadi.

Аgrobiologik tavsifi. Oʼsimlik boʼyi 105-110 sm, mustahkam, yotib qolishga oʼrtacha chidamli, bargi oʼrtacha, och yashil rangda, tuksiz, tuplanishi oʼrtacha, poyasi toʼgʼri. Oʼsuv davri 210-240 kun, kuzgi va bahorgi sovuqqa oʼrtacha chidamli, qurgʼoqchilikka chidamli. Bugʼdoyning sariq zang va qattiq hamda chang qorakuya kasalliklariga kuchsiz chidamli. Donning texnologik koʼrsatkichlari yaxshi, nonboplik umumiy bahosi 4 ball, hosildorligi oʼrtacha 16-18 s/ga.

Ekish muddati va meʼyori. Kuzda oktyabrь oyining 2-oʼn kunligi, bahorda fevral va mart oyida ekish tavsiya etiladi. Kuzda gektariga togʼli va togʼoldi mintaqalariga 3,0-3,5 mln. dona, qir-adirlik mintaqasida 2,5-3,0 mln. dona, bahorda togʼli va togʼoldi mintaqalariga gektariga 2,5-3,0 mln. dona, qir-adirlik mintaqasida gektariga 2,0-2,5 mln. dona unuvchan urugʼ hisobida belgilanadi.

Oziqlantirish. Ekish oldidan gektariga sof holda qir-adir mintaqalarda 40 kg, togʼoldi va togʼli mintaqalarda 45 kg fosforli oʼgʼitlar solish belgilangan. Bahorgi azotli oziqlantirish qir-adirlik mintaqada fevral oyining oxiri, mart oyining birinchi oʼn kunligida 45-50 kg/ga meʼyorda beriladi. Togʼoldi va togʼli mintaqalarda oziqlantirishning maqbul muddati aprel-may oylarida, oʼgʼit meʼyori 50 kg/ga ni tashkil etaqdi.

«Baxmal-97» navi respublika lalmikor maydonlarining togʼli va togʼoldi hamda qir-adirlik mintaqalariga 2012 yildan ekish uchun Davlat reestriga kiritilgan.

«Istiqlol-6» navi-Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti Gʼallaorol ilmiy-tajriba stantsiyasida Surxak-5688 x Uz001249 duragay kombinatsiyasidan yakka tanlash yoʼli bilan yaratilgan.

Biologik tavsifi. Tur xili eritrospermum (Eritrospermum). Hayot tarzi kuzgi, oʼrtapishar. Boshogʼi qiltiqli, oq, tuksiz, shakli silindrsimon, oʼrtacha uzunlikda (9-11 sm), tigʼiz, qiltigʼi tarvaqaylagan, uzun, dagʼal, tarqoq, qipigʼida tomir chiziqlari koʼrinadi, tishchasi oʼtkir, tekis yelkali, doni qizil, uzunchoq, don ariqchasi chuqur emas, 1000 dona don vazni 38-44 g, hajm ogʼirligi 772 g/l, don yaltiroqligi yuqori, oqsil miqdori 15,2-16%, kleykovina miqdori 31-33,0 %. Un va non yopilish texnologik koʼrsatgichi 4,5 ball, qimmatbaho navga mansub.

Аgrobiologik tavsifi. Sariq va qoʼngʼir zang kasalliklariga yuqori chidamli, chang qorakuya va qattiq qorakuya kasalliklariga oʼrtacha chidamli. Sovuqqa va qurgʼoqchilikka bardoshli. Аndoza Surxak-5688 navidan 3-5 kun ertapishar, doni sifatli. Oʼsimlikning oʼsish davri 270-240 kun, boʼyi 110-120 sm, namgarchilik koʼp boʼlgan yillarda ham yotib qolmaydi. Hosildorligi 18,2-30,8 s/ga ni tashkil etadi.

Ekish muddati va meʼyori. Kuzda oktyabr oyining ikkinchi yarmi va noyabr oyining birinchi yarmi maqbul hisoblanadi, gektariga lalmi yerlarning qir-adirlik mintaqalari uchun 2,5 mln dona, togʼoldi va togʼli mintaqalari uchun esa 3,0-3,5 mln. dona unuvchan urugʼ hisobida ekiladi.

Oziqlantirish. Аzotli oʼgʼitlar bilan oziqlantirishga talabchan nav hisoblanadi. Ekish oldidan gektariga sof holda qir-adir mintaqada 40 kg, togʼoldi va togʼli mintaqalarda 50 kg fosforli oʼgʼitlar solish belgilangan. Bahorda azotli oziqlantirish qir-adirlik mintaqada fevral oyining oxiri, mart oyining birinchi oʼn kunligida 40 kg/ga meʼyorda beriladi. Togʼoldi va togʼli mintaqalarda oziqlantirishning maqbul muddati aprel-may oylarida, oʼgʼit meʼyori sof holda 40 kg/ga ni tashkil etadi.

«Istiqlol-6» navi respublikaning Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari boʼyicha lalmikor maydonlarda kuzgi muddatlarda ekish uchun 2017 yilda Qishloq xoʼjalik ekinlari Davlat reestriga kiritilgan.

Respublikaning barcha lalmikor maydonlarida kuzgi gʼalla ekinlari navlarini toʼgʼri tanlash va joylashtirish, ekishni sifatli qilib tayyorlangan maydonlarga qulay muddat va meʼyorlarda ekish hamda oziqlantirish kelgusi yilda moʼl va sifatli hosil yetishtirishga, shu hududlarda yashaydigan aholining turmush farovonligini oshirishga, fermer xoʼjaliklarining moliyaviy ahvolini yaxshilashga puxta zamin tayyorlaydi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib boʼlim tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8 sentyabrdagi 546-son qaror ijrosini taʼminlash maqsadida mazkur qaror bilan tasdiqlangan boshoqli don ekinlari navlarini joylashtirishni hamda respublika hududida ekishga tavsiya etilmagan gʼalla navlarini, sifatsiz tayyorlangan va dorilanmagan (sertifikatlanmagan) urugʼlarni ekilmasligi yuzasidan hududiy boshqarmalarga tegishli koʼrsatmalar berilib kunlik nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.

Sh. Hayitov, Don ekinlari urugʼlari yetishtirilishini nazorat qilish boʼlimi boshligʼi

Text to speech