O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 26 yanvardagi PQ-23-sonli qarorida 2023 yildan boshlab, xorijdan olib kelingan va respublikamizda ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlarini sotib olgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga yer tekislagich agregatlari qiymatining 30 foizi Davlat byudjetidan qoplab berilishi belgilangan.
Davlatimiz tomonidan lazerli yer tekislagichlar sotib olishga berilayotgan imtiyozlar natijasida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida "O‘zagroinspeksiya" tomonidan 591 dona yangi zamonaviy lazerli yer tekislagichlar davlat ro‘yxatiga olindi.
Bugungi kunda davlat ro‘yxatiga olingan zamonaviy resurs tejamkor lazerli yer tekislagichlar soni 1,5 ming tadan ortdi. Solishtirish uchun, mazkur ko‘rsatkich 2017 yilda mamlakatimizda atigi 127 donani tashkil etar edi.
Lazerli yer tekislash - bu maʼlum bir sirt ustida qirg‘ichning balandligini boshqaradigan lazer nurlari yordamida yuqori aniqlikdagi topografik maydonning bir xilligiga erishish texnologiyasidir.
Lazerli tekislashning afzalliklari:
dalalar tekis va bir xil sirtga ega bo‘ladi;
sug‘orishga sarflanadigan suv 20-25 foizga tejaladi;
tuproq sho‘rlanishining kamayishiga erishiladi;
sug‘orish vaqti, ishchi kuchi, energiya sarfi kamayadi;
ekinlar bir tekisda unib chiqadi;
ekinlar bir xil namlik va ozuqa bilan taʼminlanadi.
Inspeksiyaning texnika holatini nazorat qilish boshqarmasi