Inspektsiya organlari MJtKning 245 prim-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʼgʼrisidagi ishlarni koʼrib chiqadi.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʼgʼrisidagi ishni koʼrib chiqishga tayyorlash vaqtida mansabdor shaxs MJtKning 303-moddasida nazarda tutilgan masalalarni hal etishi lozim.
Maʼmuriy ish Inspektsiya organiga taalluqli boʼlmaganda yoki MJtKning 281-282 va 304-moddalari talablariga rioya qilinmagan holda yuborilgan boʼlsa, maʼmuriy huquqbuzarlik haqidagi hujjatlar Inspektsiya organi rahbarining asoslantirilgan xati bilan bayonnomani tuzgan yoki maʼmuriy ish qoʼzgʼatish toʼgʼrisida qaror chiqargan organ (mansabdor shaxs)ga qaytariladi.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʼgʼrisidagi ishni koʼrib chiqishda va aniqlanishi lozim boʼlgan holatlarni tekshirishda MJtKning 306-307-moddalari talablariga qatʼiy rioya qilinishi lozim.
Mansabdor shaxs ishni koʼrishga tayyorlashda, maʼmuriy huquqbuzarlik toʼgʼrisidagi ishlarni yuritishni istisno etuvchi holatlarning bor-yoʼqligini aniqlashga majbur.
Maʼmuriy huquqbuzarlik uchun hech kim qonun hujjatlarida belgilangan asoslar va tartibdan boshqacha tarzda taʼsir koʼrsatish chorasiga tortilishi mumkin emas.
MJtKning 271-moddasida sanab oʼtilgan holatlar aniqlangan taqdirda mansabdor shaxs ishni yuritishdan tugatish haqida qaror chiqaradi.
Mansabdor shaxs maʼmuriy huquqbuzarlik toʼgʼrisidagi ishlarni koʼrib chiqishda MJtKning 294-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxslarning himoyaga boʼlgan huquqlarini taʼminlash choralarini koʼrishi lozim.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʼgʼrisidagi ish maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs ishtirokida koʼrib chiqiladi.
Mazkur shaxsga ishni koʼrib chiqish joyi va vaqti haqida xabar qilinganligi toʼgʼrisida maʼlumotlar boʼlgan va undan ishni koʼrib chiqishni kechiktirish xususida hech qanday iltimos tushmagan hollarda, shuningdek MJtK 3091-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan hollardagina ish uning ishtirokisiz koʼrib chiqilishi mumkin.
MJtKning 294-moddasi 3-bandida koʼrsatilgan holatlarda maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning qatnashishi shart.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʼgʼrisidagi ish mazkur ishni koʼrib chiqishga vakolatli Inspektsiya mansabdor shaxsi tomonidan maʼmuriy huquqbuzarlik toʼgʼrisidagi bayonnoma va ishga oid boshqa materiallar olingan kundan boshlab oʼn besh kunlik muddatda koʼrib chiqiladi.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʼgʼrisidagi ishni koʼrib chiqishda MJtKning 21 va 33-moddalarida koʼrsatilgan holatlar aniqlangan taqdirda maʼmuriy jazo chorasini qoʼllash haqidagi taqdimnoma ish hujjatlari bilan tuman (shahar) maʼmuriy sudlariga yuboriladi.
Shuningdek, maʼmuriy ishni koʼrib chiqishga vakolatli Inspektsiya mansabdor shaxsi tomonidan MJtKning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish chogʼida yakka tartibdagi tadbirkorlar va (yoki) ularning xodimlari, yuridik shaxs boʼlgan tadbirkorlik subʼektlarining mansabdor shaxslari va (yoki) boshqa xodimlari tomonidan sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʼgʼrisidagi ishlarni maʼmuriy sudlar koʼrib chiqishi haqidagi 245-moddasi 3-qismi talablariga qatʼiy rioya qilinishi lozim.
Inspektsiyaning tegishli mansabdor shaxsi sudga yuborilgan ish boʼyicha sud qaroridan norozi boʼlgan taqdirda vakolatli prokurorga protest keltirish masalasini koʼrib chiqish haqida asoslantirilgan holda murojaat qilishi mumkin.
"Oʼzagroinspektsiya" Maʼmuriy amaliyot boʼlimi