Sohani tartibga soluvchi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga ko‘ra, paxta, boshoqli don va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini tayyorlash, qayta ishlash hamda saqlash bo‘yicha talablarga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirish Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga yuklatilgan.
"O‘zagroinspeksiya" va uning hududiy boshqarmalari hamda ularning tuman bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan monitoring yakunlariga ko‘ra, 2 ming 919 ta subyektlarning 93,3 ming gektar urug‘lik g‘o‘za maydonlarida aprobatsiya ko‘rigi o‘tkazildi.
O‘tkazilgan aprobatsiya ko‘rigi yakuniga ko‘ra, 2 ming 667 ta subyektlarning 78,7 ming gektar yoki 84,4 foiz maydonlari urug‘lik olish uchun yaroqli deb topildi.
Shuningdek, aprobatsiya ishchi guruhining xulosasiga asosan, 1 ming 30 ta subyektlarning 14,5 ming gektar (15,6 foiz) urug‘lik g‘o‘za maydonlari yaroqsiz deb topildi.
Kelgusida sifatli urug‘lik olish uchun yaroqli hisoblangan 78,7 ming gektar maydonlardan 120,3 ming tonna urug‘lik paxta xom ashyosini olish rejalashtirilib, shundan 61,7 ming tonna urug‘lik chigit olinishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, Prezidentning 2023-yil 15-dekabrdagi "Paxtachilikda urug‘chilik tizimini rivojlantirish hamda paxta hosildorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi qarori ijrosi yuzasidan, respublikamizdagi 4 ming 808 ta subyektlarning 96 ming gektar maydonlarida xorijiy g‘o‘zaning nav va duragaylari ekildi.
Ushbu maydonlardan kelgusi yil hosili uchun urug‘lik olish maqsadida urug‘lik maydonlar tanlab olindi hamda aprobatsiya ko‘rigi o‘tkazilib, 331 ta subyektlarning 7,9 ming gektar xorijiy g‘o‘za maydonlaridan urug‘lik olish belgilab olingan bo‘lib, ushbu xorijiy g‘o‘za maydonlaridan 13,3 ming tonna urug‘lik paxta olish rejalashtirilgan
Bugungi kunda urug‘lik olish uchun yaroqli deb topilgan g‘o‘za maydonlarida yig‘im-terim ishlari davom etmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlarining samaradorligini taʼminlash maqsadida, Inspeksiyaning hududiy boshqarma va tuman bo‘limlarining mutaxassislari tomonidan tizimli nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Inspeksiyaning Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini nazorat qilish boshqarmasi