Ру Ўз O`z En

Rejaga nisbatan 76 foizdan ziyod yerlarga takroriy ekinlar ekilishi taʼminlandi

8 Iyul 2024 1486

Ayni kunlarda Respublikadada g‘allani nest-nobud qilmay o‘rib olish ishlari nihoyasiga yetay deb turgan bir pallada g‘alladan va ertaki ekinlardan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin ekish tadbirlari ham jadal olib borilmoqda. O‘rilgan g‘allazorlarni somondan tozalash, shudgorlash va ekin ekish ishlarini boshlash jarayonlari «O‘zagroinspeksiya» tomonidan nazoratga olingan.

Maʼlumot o‘rnida aytish joiz, joriy yil Respublikada 923 ming 682 gektar maydonga takroriy ekin ekilishi rejalashtirilgan. Shundan 284 ming 882 gektar dukkakli ekinlar, 227 ming 164 gektar ozuqa ekinlar, 110 ming 447 gektar sabzavot, 101 ming 230 gektar sholi, 55 ming 675 gektar tariq, 52 ming 935 gektar kartoshka, 47 ming 86 gektar poliz, 38 ming 31 gektar moyli va 6 231 gektar supurgi ekinlarining takroriy ekin sifatida ekilishi «O‘zagroinspeksiya» tomonidan nazorat qilib borilmoqda.

Xususan, joriy yilning 8 iyuliga qadar Respublika bo‘yicha jami 703 ming 078 gektar yoki rejaga nisbatan 76,1 foiz maydonlarda takroriy ekinlar ekilishi taʼminlandi.

Shundan, dukkakli ekinlar 214 954 gektar yoki rejaga nisbatan 75,5 foiz, ozuqa ekinlari 188 591 gektar yoki rejaga nisbatan 83 foiz, sabzavot 77 599 gektar yoki rejaga nisbatan 70,3 foiz, sholi 92 937 gektar yoki rejaga nisbatan 91,8 foiz, tariq 39 302 gektar yoki rejaga nisbatan 70,6 foiz, kartoshka 8 379 gektar yoki rejaga nisbatan 15,8 foiz, poliz 43 476 gektar yoki rejaga nisbatan 92,3 foiz, moyli 31 819 gektar yoki rejaga nisbatan 83,7 foiz va supurgi 6 020 gektar yoki rejaga nisbatan 96,6 foiz maydonlarni tashkil etadi.

Bugungi kunga qadar, Respublika bo‘yicha jami 6 902 tonna, shundan 678 tonna xorijiy va 6 224 tonna mahalliy kartoshka urug‘liklarga sertifikat berilishi taʼminlanib, sertifikatlashtirish ishlari davom etmoqda.

Shuningdek, hukumat tomonidan belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, hududlarda takroriy muddatlarda ekilishi rejalashtirilgan maydonlardan, keyingi yil hosili uchun urug‘lik jamg‘arish maqsadida qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekishni tashkil etish rejalashtirilgan. Shundan kelib chiqib, urug‘lik maydonlarini subyektlar kesimida aniqlash va ushbu subyektlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini faqat urug‘lik maqsadlarida ekilishini taʼminlash bo‘yicha berilgan topshiriqlar sifatli bajarilmaganligi yoki umuman bajarilmaganligi sababli, 9 ta viloyat hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlariga yozma ko‘rsatmalar berilishi taʼminlandi.

Z.Ismatov. «O‘zagroinspeksiya» bosh mutaxassisi

Text to speech